Haq to‘lanadigan jamoat ishida kim ishlaydi?
Aholi bandligini ta’minlash orqali ularning real daromadlari va turmush farovonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida jamoat ishlari jamg‘armasi tashkil etilgach, bu borada ishlar o‘z samarasini bera boshladi.
Ammo ko‘pchilikda "Jamoat ishlarining o‘zi nima, ishga joylashish uchun kimga murojaat qilish kerak, haq to‘lash tartibi qanday bo‘ladi, qancha to‘lanadi, mehnat shartnomasi qancha muddatga tuziladi?", degan savollar tug‘ilishi tabiiy. Shu va boshqa savollar bilan viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Muhiddin XoliQovga murojaat qildik.
– "Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom"ga ko‘ra, ishsiz va band bo‘lmagan aholini jalb etish mumkin bo‘lgan, alohida tayyorgarlik va malaka talab qilmaydigan mehnat faoliyati jamoat ishlari, deb ataladi, – deydi M.Xoliqov. – Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga shahar, tuman, aholi punktlari, mahallalar va boshqa hududlarni obodonlashtirish, uy-joylar, infratuzilma ob’yektlari, ko‘chalar, yo‘llar va piyodalar yo‘laklarini ta’mirlash, nogironlar, keksalar, bemorlarni parvarishlash kabi ishlar kiritilgan.
Mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, mahsulot tayyorlash, saqlash va qayta ishlash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini ta’mirlash, sanoat tarmoqlari va xizmatlar ko‘rsatish sohasi tashkilotlaridagi ishlar, ob’yektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari ham jamoat ishi hisoblanadi.
– Ko‘pchilikni qiziqtiradigan asosiy masala: ishchilarga kim ish tayinlaydi va ularga maosh qanday to‘lanadi?
– Jamoat ishlariga tuman, shahar bandlikka ko‘maklashish markaziga ish so‘rab murojaat qilgan fuqarolar yo‘llanma asosida yuboriladi. Agar ish beruvchi byudjet tashkiloti yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi bo‘lsa, ish haqi bo‘yicha to‘lovlar 100 foiz miqdorida mazkur jamg‘arma tomonidan to‘lab beriladi. Agar ish beruvchi tadbirkorlik sub’yekti, nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lsa, bandlikka ko‘maklashish markazi yo‘llanmasi asosida yuborilgan fuqaroga ish haqining 50 foizini to‘laydi. Qolgan 50 foizi jamg‘arma hisobidan qoplanadi. Bunda ish haqining jamg‘arma tomonidan qoplanadigan qismi eng kam oylik ish haqining ikki yarim barobaridan oshmasligi kerak. Amaldagi mehnat qonunchiligiga muvofiq jamoat ishlarida ishlayotgan fuqarolarning oylik ish haqi miqdori eng kam oylik ish haqining ikki barobaridan kam bo‘lmasligi kerak. Ammo ish beruvchi ishning darajasini hisobga olib, oylik maoshini eng kam oylik ish haqining besh barobarigacha miqdorda belgilashi mumkin. Muhimi, jamoat ishida ishlovchilar jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan olgan daromadlari bo‘yicha daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.
– Jamoat ishlariga fuqarolarni jalb etishda mahallaning o‘rni qanday?
– Mahalla yig‘inlari tomonidan ishsiz va kam ta’minlangan fuqarolar ro‘yxatga olinib, bandlikka ko‘maklashish markazlariga buyurtmalar beriladi. Hokimliklar bilan birga ishsiz va band bo‘lmagan aholini keng jalb etgan holda jamoat ishlarini manzilli va tizimli ravishda tashkil etish, sifatli, to‘liq va samarali bajarish choralari ko‘rilmoqda.
– Bu tajriba viloyatimizda qachondan boshlab joriy etildi?
– Ushbu tartib 2017 yilning noyabr oyidan boshlab tajriba tariqasida Past Darg‘om tumanida o‘tkazildi. Tumanda haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish bo‘yicha mahalla, korxona-tashkilotlardan kelib tushgan 95 ta buyurtma asosida noyabr oyida 1268 nafar, dekabr oyida esa 1173 nafar ishsiz vaqtinchalik ish o‘rniga joylashtirilgan. Ularning o‘rtacha oylik ish haqi 500 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lib, buning uchun jamg‘arma hisobidan 745,5 million so‘m sarflangan.
Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab haq to‘lanadigan jamoat ishlari viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida tashkil etildi. Hozirgacha ish beruvchilardan 616 ta buyurtmalar kelib tushgan bo‘lib, ular asosida 3993 nafar fuqaroga 40 turdagi ish o‘rinlari yaratildi. Ulardan 2284 nafari kam ta’minlangan oilalar a’zolari bo‘lsa, 170 nafari kollej bitiruvchilari, 12 nafari jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilganlardir.
– Haq to‘lanadigan jamoat ishlarida mehnat qilish uchun ish beruvchi tashkilotlar bilan shartnomalar qancha muddatga tuziladi?
– Bu ishga joylashish uchun ishsiz fuqarolar tuman, shahar bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaat qilishlari kerak bo‘ladi. Mazkur markazlar fuqarolar ro‘yxatini shakllantirib, ularga mos keladigan, ya’ni uyiga yaqin, kasbiga muvofiq keladigan ishlarni taklif etishadi.
O‘z navbatida, ish beruvchilar har oyning 15-sanasiga qadar tuman bandlikka ko‘maklashish markaziga buyurtma beradilar. Jamoat ishlarini tashkil qilish uchun shartnomalar 2 haftadan kam bo‘lmagan, lekin 3 oydan ortiq bo‘lmagan muddatga tuziladi. Shartnoma muddati tugagach, ish beruvchi yana qayta buyurtma berishi mumkin.
Haq to‘lanadigan jamoat ishlarining tashkil etilishi viloyatimizda ishsizlik muammosini bartaraf etish bilan birga, oilalarni real daromad bilan ta’minlash, hududlarni doimiy ravishda toza-ozoda saqlash imkonini beradi. Qolaversa, tadbirkorlik sub’yektlari bu tartibdan unumli foydalanishsa, arzon ishchi kuchiga ega bo‘ladi.
Yana bir gap. Haq to‘lanadigan jamoat ishida ishtirok etgan fuqaroning ish davri mehnat stajiga qo‘shiladi va mehnat daftarchasi yuritiladi.
Viloyatda jamoat ishlarini samarali tashkil etish maqsadida jamg‘arma tomonidan har bir tuman va shahar bandlikka ko‘maklashish markaziga "Damas" rusumli avtomashina berildi.
Dilmurod TO‘XTAYeV
suhbatlashdi.