Har bir mahallada 100 ta tungi yoritkich
Past Darg‘om tumani hokimi Shunqor Xudoyberdiyev jurnalistlar va blogerlar uchun tashkil etilgan press-tur davomida ushbu aksiya haqida batafsil gapirib berdi.
Tumanda 86 ta ko‘p qavatli uylarda 5200 dan ziyod aholi istiqomat qiladi.

Ta’kidlanishicha, 2021 yilda 11 ta ko‘p qavatli uy qurilib, o‘z egalariga topshirildi. 1991 yilda qurilgan 65 ta ko‘p qavatli uyning tom qismi, 55 ta uyning fasadi, 3 ta uyning yerto‘lasi mukammal ta’mirlanib, suv tarmoqlari yangilandi. Obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 20 ta ko‘p qavatli uy ta’mirlandi, 7 ta bolalar maydonchasi va 16 ta qo‘shimcha binolar qurib berildi.
Jumladan, Balxiyon mahallasidagi ko‘p qavatli uylar uchun 5 milliard so‘m sarflanib, markazlashgan suv oqova tizimiga ulandi. Piyodalar yo‘laklari betonlashtirildi. Bo‘ston mahallasi 1 kilometr ichki yo‘llariga asfalt yotqizildi. Charxin qo‘rg‘onidagi 4 ta ko‘p qavatli uylar uchun 1,5 kilometr oqova tarmog‘i tortilib, nasos stansiyasi qurildi.

O‘tgan yili Samarqand shahridan Juma shaharchasigacha bo‘lgan 26 kilometr avtomobil yo‘liga tungi yoritkichli ustunlar o‘rnatilishi natijada "Beklar", "Paxtakor", "Go‘zalkent" va "Olti qahramon" mahallalarining asosiy ko‘chalari yoritildi. Shuningdek, "Bo‘ston", "Hovuzak", "Turon" va "Galatut" mahallalaridan o‘tgan ichki yo‘llarning 3 kilometriga ham yoritkichlar o‘rnatildi.
- Tumanimizda 2 ming kilometr yo‘l va ko‘chalar bor, - deydi Shunqor Xudoyberdiyev. - Barcha qishloqlarni kechasini yorug‘ qilamiz desak, 10 700 ta tungi chiroq kerak bo‘lar ekan. Yanvar oyidan boshlab «Har bir mahallaga 100 ta tungi chiroq» aksiyasini boshlagan edik. Bunga o‘sha hududdagi fuqarolar, saxovatpesha homiylar ham bosh qo‘shishgan. Ayni paytda aksiya doirasida o‘nlab qishloqlarimizga chiroqlar o‘rnatib bo‘lindi.
Joriy yilda tumanda 8 ta 300 xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan. 9 ta ko‘p qavatli uylar mukammal va joriy ta’mirlanadi. Jumladan, "Bo‘ston" mahallasida joylashgan 3 ta ko‘p qavatli uy, Amir Temur ko‘chasidagi 2 uyning fasadi va kirish yo‘laklari, "Balxiyon"dagi 4 ta ko‘p qavatli uyning ichimlik suv, oqova suv tarmoqlari ta’mirlanadi.
- Juma va Charxin shaharchalarida 2 ta oqova suvlarini tozalash inshooti va 36,5 kilometr oqova tarmoqlari qurilishi ham joriy yilgi rejalarimizga kiritilgan, - deydi tuman uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Vohid Normurodov. – O‘tgan yili qurilgan ko‘p qavatli uylar atrofi obodonlashtirilib, bolalar va sport maydonchalari barpo etiladi. 290 metr irrigatsiya tarmoqlari ta’mirlanib, 1200 kv.m yo‘laklar sozlanadi. 12 ta yoritish chiroqlarini almashtiriladi. Ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida o‘z xizmat vazifalarini bajarolmay qolgan 7 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari o‘rniga yagona boshqaruv servis tashkiloti tuzish borasida xususiy tadbirkorlar o‘rtasida tanlov o‘tkazib, imkoniyatlarini o‘rganib chiqyapmiz.
Dilmurod TO‘XTAYeV.