«Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida kredit olish tartibini bilasizmi?
2020 yil davomida yurtimizda o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqarolarga hunarmandchilik, kasanachilik va tadbirkorlik faoliyatining boshqa sohalari uchun Davlat dasturlari doirasida 3 982,1 milliard so‘m imtiyozli kreditlarning ajratilishi belgilandi.
Bunda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagidagi har bir fuqaro o‘z biznesini amalga oshirish uchun biznes loyihasiga ega bo‘lishi lozim.
Bugungi kunda imtiyozli kreditlarning 60 foizi «Har bir oila – tadbirkor» dasturi bo‘yicha ajratilib kelinmoqda. Dastur asosida kredit olish uchun qanday hujjatlarni rasmiylashtirish kerak degan savollar ko‘p kuzatilmoqda. Shu bois ushbu maqolada «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doriasida kredit olish tartibiga bir oz to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
Jismoniy shaxslar kredit olish uchun dastlab tegishli bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:
- ariza;
- pasport nusxasi;
- jismoniy shaxslarga kredit qaytarilishining ta’minoti sifatida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun beriladigan kreditlash bo‘yicha tavsiyanoma.
Bunda kichik tadbirkorlik sub’yektlari kredit olish uchun bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- ariza;
- biznes-reja;
- tegishli davlat soliq inspeksiyasiga oxirgi hisobot davri uchun buxgalteriya balansi (1-shakl), 90 kundan ortiq muddatdagi qarzlarga doir solishtirish dalolatnomalari, moliyaviy natijalar to‘g‘risida hisobot (2-shakl), yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar, yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat yuritayotgan dehqon xo‘jaliklari bundan mustasno.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, kichik tadbirkorlik sub’yektlariga imtiyozli kreditlar eng kam oylik ish haqining 150 baravaridan - 1000 baravarigacha miqdorda ajratilishi mumkin. Mikrokreditlar esa 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ajratilishi mumkin.
Etiborga molik jihati, ajratiladigan kreditlar ushbu kredit hisobiga amalga oshiriladigan loyihaning biznes-rejasiga muvofiq o‘zini o‘zi qoplash jihatlaridan kelib chiqib, 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 5 yil muddatgacha ajratilishi nazarda tutilishi mumkin. Bunda berilayotgan imtiyozli davr va kreditni qaytarish muddati batafsil asoslantirilishi kerak.
Agar loyihani amalga oshirishga dastur doirasidagi resurslar hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravaridan ortiq miqdorda kredit talab etilsa, tuman va shahar hududiy markazlarining va dastur koordinatorlarining tegishli xulosasi asosida ajratilishi lozim.
Kichik tadbirkorlik sub’yektlari kredit majburiyatlari bajarilishining ta’minoti sifatida bankka quyidagi ta’minot turlaridan birini taqdim etadi:
- uchinchi shaxs kafilligi;
- sug‘urta polislari;
- kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining kafilligi;
- qonun hujjatlari doirasidagi boshqa ta’minot turlari.
Davlat dasturlari doirasida tadbirkorlik sub’yektlariga kreditlar ajratilishi jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni tomonidan monitoring qilinishi natijasida yuzaga kelayotgan muammolar hal qilib kelinmoqda.
Jumladan, Navoiy shahridagi “Navoiy Platinum” MChJ tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish maqsadida 2019 yil may oyida Xitoy Xalq Respublikasidan 177,8 ming AQSh dollari qiymatidagi temir-beton mahsulotlarini ishlab chiqarish uskunasi olib kelgan bo‘lib, mazkur ishlab chiqarish uskunasi pulini to‘lab berish uchun “Yoshlar - kelajagimiz” davlat dasturi asosida imtiyozli kredit ajratilmaganligi sababli olib kelingan import uskunalarni ishlab chiqarishga jalb qilinmasdan kelinayotganligi holati bo‘yicha vakil devoni xodimlarining aralashuvi bilan 2019 yilning oktyabr oyida “Yoshlar - kelajagimiz jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan 1,5 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilib berilishi ta’minlandi.
Bundan tashqari, Xatirchi tumanidagi “Yormatov Jo‘rabek” nomli yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi sub’yekt milliy shirinliklar ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha imtiyozli kredit ajratilmayotganligi yuzasidan murojaati asosida Vakil devoni xodimlarining aralashuvi bilan “Yoshlar - kelajagimiz jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan 70 million so‘m imtiyozli kredit ajratilib berilishiga erishildi.
Shunisi muhimki, mazkur davlat dasturlarining amalga oshirilishi kichik biznesni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash hamda xotin-qizlar va yosh avlod tashabbuskorligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi kerak.
Z.UROQOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni bosh inspektori.