Har bir tumanda 2 tadan 5 tagacha kasb-hunar maktablari faoliyat yuritadi
Samarqand viloyatida 37 kasb-hunar maktabi, vazirlik, idora va tashkilotlar tasarrufidagi 5 kollej, oliy ta’lim muassasalari huzuridagi 22 texnikum 2020-2021 o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshlaydi.
Bu haqda bugun viloyat matbuot uyida bo‘lib o‘tgan onlayn brifingda viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Roziq Fayziyev ma’lum qildi.
Viloyatdagi kasb-hunar maktablarida xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilgan ta’lim dasturlari asosida oilaviy biznes, tomorqa biznesi, qurilish, xizmat ko‘rsatish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik kabi iqtisodiyotimizda muhim o‘rin egallagan 50 dan ortiq ishchi kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
Ta’lim olayotgan o‘quvchilar davlat byudjeti hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida oylik stipendiya (223 ming so‘m) hamda uch mahal ovqat bilan ta’minlanadi.
2020-2021 o‘quv yilidan har bir tumanda aholi sonidan kelib chiqqan holda 2 tadan 5 tagacha, jumladan, Bulung‘ur, Jomboy, Ishtixon, Narpay, Nurobod, Paxtachi, Samarqand, Toyloq, Qo‘shrabot tumanlarida 2 tadan, Kattaqo‘rg‘on, Payariq tumanlarida 3 tadan, Past Darg‘om tumanida 4 ta, Urgut tumanida 5 ta kasb-hunar maktablari faoliyatini boshlaydi.
Hozirgi kunda 2020-2022 o‘quv yillari uchun 37 ta kasb-hunar maktablariga 634 ta korxona va tashkilotlarga zarur bo‘lgan 11442 ta ish o‘rinlariga buyurtmalar asosida 51 ta kasblar bo‘yicha 7380 ta qabul rejasi shakllantirildi.
Kasb-hunar maktablariga qabul jarayoni davom etmoqda. Shuningdek, joriy yilning 20 iyulidan kollejlar hamda texnikumlarga o‘qishga qabul qilish boshlanadi.