Har tuning qadr o‘lubon, har kuning o‘lsin Navro‘z!

Qo‘shrabot tumani azaldan baxshi-yu oqinlar, chavandoz-u abjir polvonlar yurti sanalgan.

Ayniqsa, tog‘li tumandagi qator qishloqlarning oddiy, samimiy, kamtar va oqko‘ngil odamlari ajdodlarimizdan meros milliy an’ana, qadriyat va urf-odatlar elementlarini shuurlarida yaxshi saqlab qolganligi va ularga hayotda hamon amal etib kelayotganliklari bilan nafaqat mahalliy, balki xalqaro miqyosdagi e’tirofga sazovor bo‘lgan e’zozli el hisoblanadi.

Qishdan zerikib, bahorni va uning go‘zal ayyomi bo‘lmish Navro‘zni intiqlik bilan kutayotgan bu yurt ahli bayramga o‘zgacha tayyogarlik ko‘rdi.

17 mart. Erta tong...

Tumanning Jo‘sh hududi aholisi dillarni inja, sohir tuyg‘ularga chulg‘ab kelgan ko‘klamning eng ulug‘ - Navro‘z bayrami saylini "Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin - Navro‘z" shiori bilan nishonlash istagida "Jo‘sh ota" istirohat bog‘ida jam bo‘lishdi.

... Bir paytlari davr siyosati taqozosiga ko‘ra necha bir chig‘iriqlardan o‘tib, ba’zan taqiqqa ham uchragan Navro‘zimiz ota-bobo va momolarimiz tomonidan yil boshi sifatida ham shodiyona etilgan bo‘lsa, vaqt silsilasida mazkur ayyom avlodlar tomonidan yanada ko‘tarinki ruhiyatda tantana etilyapti.

Bayram saylida munosib qatnashishga tayyorgarlik ko‘rgan hudud umumta’lim maktablari o‘quvchilari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari tomonidan bahor hamda Navro‘z ayyomi madh etilgan sahnalashtirilgan badiiy chiqish hamda kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Sayil tadbiri qatnashchilari tomonidan tashkillashtirilgan milliy sport o‘yinlari, tturli bahoriy taomlar hamda o‘tmishda xalqimiz tomonidan uy-ro‘zg‘or buyumlari sifatida ishlatilgan jihozlar va hududga xos osori-atiqalar ko‘rgazmasi sayilga kelgan keksa-yu yosh qalbiga bir olam taassurot, zavq-shavq ulashdi.

Qo‘shrobot hokimligi tasarrufidagi barcha idora va tashkilot xodimlari hamda keng jamoatchilik ishtirokidagi bahoriy uyg‘onish sayli tadbiri yoshlarning kurash bellashuvlari hamda qo‘shiqlari san’atkorlar ijrosidagi diltortar qo‘shiqlar ohangida davom etdi.

Shokir Ergashev.