Harbiylar bayramni yangi uyda nishonlaydi

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Samarqand shahrining Qorasuv massivida bunyod etilgan ko‘p qavatli uylardan 90 ta xonadon Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilariga tantanali ravishda topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, sektor rahbarlari ishtirok etdi.

Viloyat hokimi xonadon sohiblarini tabriklab, mamlakatimiz mudofaasini mustahkamlash, milliy armiyamizning salohiyatini har tomonlama oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdi. Ayni jarayonda eng avvalo, Vatan himoyachilarining oilaviy sharoitini yaxshilash, farovon hayot kechirishini ta’minlash ularning vazifasiga mas’uliyat bilan yondashishining asosiy mezonlaridan biri ekanligini qayd etdi.

Samarqand garnizionidagi 13060-harbiy qism bo‘linma boshlig‘i o‘rinbosari, katta leytenant Muhammadjon Qambarov ham harbiylar uchun bunyod etilgan xonadonlardan birining sohibi bo‘ldi. Shu bois uning xonadonida bugun yaqinlari jam bo‘lishgan.

– Nabiramning quvonchiga sherik bo‘lish nasib etganiga beadad shukr, – deydi Muhammadjoning 79 yoshli bobosi Qambar G‘ulomaliyev. – Ikki o‘g‘lim harbiylikni kasb qilib, ona-Vatanimiz himoyachisi bo‘ldi. Bugun nabiralarim ham ushbu sharafli vazifani bajarayotganidan faxrlanaman. Viloyat hokimi va boshqa rahbarlarning tashrifidan boshimiz ko‘kka yetdi. Men ishonaman, nabiram ham otasi, amakilari yo‘lidan borib, Vatan himoyachisi degan mas’uliyatli vazifani sharaf bilan bajarib, davlatimiz rahbari, xalqimiz ishonchini oqlaydi.

- O‘n to‘qqiz yildan beri harbiy xizmatdaman, - deydi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Kichik mutaxassislar tayyorlash markazi 1-vzvod komandirining tarbiyaviy-mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, kapitan Suhrob Temirov. – Uch nafar farzandim bor. O‘tgan davr mobaynida yurtimizning to‘rt hududida xizmat qilishga to‘g‘ri keldi. Oilam ham men bilan birga hali u joyda, hali bu joyda. To‘g‘risi, bundan farzandlarim ham qiynalib ketgandi. Bugun biz ham doimiy yashash joyimizga, o‘z vatanimizga ega bo‘ldik. Endi oilamdan ko‘nglim to‘q, bor e’tiborimni xizmat vazifamga qarataman va menga bildirilgan ishonchga munosib bo‘lishga harakat qilaman.

Ushbu yangi xonadonlar harbiylarga imtiyozli ipoteka krediti asosida berilgan bo‘lib, boshlang‘ich to‘lov summasi Mudofaa vazirligi tomonidan to‘langan. Muddati 20 yilgacha bo‘lgan kreditning dastlabki uch yilida harbiylar 7 foizdan, keyin qayta moliyalash stavkasi bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshiradi.

Alisher Isroilov.