Harbiylar shifokorlarga go‘sht olib bordi
Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan ayni paytda karantindagi kishilarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlariga go‘sht hamda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma’lum qildi.
Butun dunyoga xavf solayotgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda bugun O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari birinchi qatorlarda “janggohlar”ga kiryapti. Xavfli infeksiya bilan kasallanganlarga yordam ko‘rsatyapti.
– Xabar berilganidek, 7 nafar o‘zbekistonlik kasallikdan sog‘aydi. Biz xavfli infeksiya bilan kasallangan barcha bemorlarni oyoqqa turib ketishiga umid bog‘layapmiz. Bugungi xushxabardan xursand bo‘lib, karantinga olingan klinik shifoxona xodimlariga imkoniyat darajasida oziq-ovqat mahsulotlari va tushlik olib bordik, – deydi shartnoma asosida harbiy xizmatchi Otabek Norboyev. – Barcha shifokorlarni mehnatini qadrlaymiz va ularga ta’zim qilamiz.
Markaziy harbiy okrug xizmatchilari, shuningdek, Payariq tumanidagi 20 ta kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarga ham oziq-ovqat mahsulotlari tarqatdi.