Hashar uchun yuqoridan ko‘rsatma zarurmi?

Ko‘klam nasimi esib, dilimizga yaqin bo‘lgan – Navro‘z ayyomi kirib kelishi bilan tabiat uyg‘onib, borliq jonlanishga yuz tutadi. Bunday uyg‘oqlik albatta, odamlar qalbiga ham qo‘r tashlab beliga quvvat, qo‘liga kuch bag‘ishlaydi va tevarak-atrofni obod qilishga, bog‘-rog‘lar yaratishga undaydi. Ota-bobomizdan qolgan bu udum va an’analar asrlar osha sizu bizga o‘tib kelmoqda.

Har yili Navro‘z oldidan umumxalq xayriya hashari o‘tkazilib kelinayotganligi ham ana shu maqsadni ko‘zda tutadi.

Bu yil Navro‘z arafasida umumxalq xayriya hashari o‘tkazish borasida da’vat e’lon qilinmadi, hech kim hech kimni bezovta ham qilmadi.

Bu ham bir sinov bo‘ldi. Biz qachongacha yuqoridan da’vat kutib ish ko‘ramiz? Ishorani bahor, Navro‘z nafasi sizu bizga aytib turibdi-ku.

Bunday achchiq-nordon gaplarni aytishimizga sabab bor. O‘tgan dam olish kunlarida joylarda umumxalq hashari o‘tkazilmadi hisob. Vaholanki, qanchadan-qancha idora va tashkilotlar, muassasalar, xiyobon va maydonlarni shu kunlarda tozalab, tartibga keltirish, obodonlashtirish ishlarini bajarish mumkin edi. Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan ayrim ko‘chalardagi dov-daraxtlarni oqlash ishlari bajarilganligini hisobga olmaganda bunday ishlar mahallalarda deyarli ado etilmadi. Hovli-joylar atrofi, idoralar oldidagi yerlar hamon taqronligicha turibdi. Shaharni qo‘ya turaylik, dala-dashtlarda allaqachon bahorgi yumushlar boshlanganiga qaramasdan qishloq va mahallalarda ommaviy safarbarlikni ko‘rmadik.

Endi savol tug‘iladi. Xo‘sh, fuqarolarimiz chorlovga odatlanib qolgan ekan, ularning qalbini kim uyg‘otadi? Mahalla-ko‘yning kuchi qayerda qoldi? Doimo o‘zlari tashabbuskor bo‘ladigan hurmatli oqsoqollarimiz, nuroniylarimiz nega jim yurishibdi? Bunday ulug‘ va xayrli ishlarning doimo boshida bo‘lib qog‘ozni to‘ldirib hisob berishga odatlangan shahar va tuman hokimliklari, o‘nlab boshqarmalar, idora va korxonalar rahbarlari nahotki hashar tashkil etishni unutgan bo‘lishsa.

Har qanday chaqiriqsiz o‘z manzil-makonimizni obod qilish, gulu gulzorga aylantirishni qachon o‘rganamiz.

Adham HAYITOV.