Hayotda toblangan umr

Jurnalist, ijodkor va mohir rahbar Xolmuhammad Nurullayevni eslab
Xolmuhammad ikki davr, ikki tizim, yo‘qligu musofirlikni ko‘rgan o‘ziga xos ziyoli edi. U do‘sti, yaqinlari qancha ko‘p bo‘lsa, g‘anim va xato qilishini kutib yurganlar ham shunchalik ekanini yaxshi bilib yashadi. “Dushmanga qarshi kurashib, asabiylashgandan ko‘ra, xato qilmaslikka intilgan afzal, jo‘ra” derdi u.
Geografiya fani o‘qituvchisi, urgutlik Juma muallim nafaqat qishloqda, tumanda ham tanilgan ziyoli edi. Xolmuhammad ana shu inson tarbiyasini oldi. Muhimi, qishloqdan chiqqan taniqli ziyolilarga har qancha havas qilmasin, bunday martabaga faqat mehnat va mashaqqat bilan erishish mumkinligini tushunib yetdi.
Shu shioriga munosib rioya etib yashadi ham. Gazetachilikda ish tanlab o‘tirmadi: hatto ancha muddat muxbirlikkacha bo‘lgan shtatlarda ishladi. Ustozi Abdurashid Abdurahmonovga ergashib, Jizzaxda yangi ochilgan gazetaga bordi. O‘ktam Javlonov, Anvar Jo‘raboyev, Nurali Qobul kabi taniqli ijodkorlar safida yurdi.
Keyin “Zarafshon”dek zabardast tahririyat safiga qo‘shildi, shu muhitda jurnalist va siyosatchi bo‘lib yetishdi.
U bilan ko‘nglimiz yaqin bo‘lgani uchun uzoq vaqt hamfikr, hamkor bo‘ldik. Xolmuhammad yaxshilik qilishni yaxshi ko‘rardi. Ayniqsa, meni nafaqadagi ziyolilarni ziyorat qilishga, ko‘nglini so‘rashga chorlardi. O‘ziga hayotda ozgina bo‘lsa-da ibrat bo‘lgan, yordam bergan, yo‘l ko‘rsatgan kishilarni hurmatini joyiga qo‘yardi. Xususan, mening ota-onamni ham yo‘qlab turardi.
X.Nurullayevning tarjimai holida “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri, viloyat hokimining yordamchisi, hokimlik bo‘lim mudiri, hokim o‘rinbosari, Urgut tumani hokimi, Oliy Majlis deputati... degan bitiklar bor. Men bu jumlalar davomiga “U har qanday holatda ham xalqini, odamlarni sevib yashadi” degan so‘zlarni qo‘shishni istayman. Chunki u shunga loyiq edi. Toshkentga borsa, bir sumka kitob olib qaytardi, navbati bilan o‘qirdik.
Xolmuhammad ijrochigina emas, fikrlab ishlaydigan rahbar edi. Hamma ma’ruzalarini o‘zi yozardi. Bundan tashqari, yuzlab maqolalar, ikkita kitob chiqarishga ulgurdi. Ko‘plab ijodkorlarga homiylik qildi.
Huquqshunos, lekin tahririyat muhitida kamolga yetgan Shoira Zohidova bilan shirin turmush qurdi. Ikki o‘g‘il va bir qizni voyaga yetkazdi. Ular hozir el xizmatida.
U doimo Zahiriddin Bobur tug‘ilgan kunda tug‘ilganman, deb faxrlanardi. Bu faxr uning ibratli xotiralarida, do‘stlarga qilgan ezguliklarida hali uzoq yashayajak.
Farmon Toshev.
***
Suratda: Xolmuhammad Nurullayev (chapda) Toyloq tumani hokimi Jamshid Ashurov (Alloh rahmat qilsin) bilan. 2004 yil.