Hayotimda go‘yo Xizr paydo bo‘ldi
Ayni ishlayman, bolalarni mustaqil hayotga tayyorlash uchun o‘zingdan boshqa ishonadigan odaming qolmay yurgan payting birdan harakatdan to‘xtab, nogironlik aravachasiga mixlanib qolishdan og‘irrog‘i bo‘lmasa kerak. Shunday tushkun kunlarimda go‘yo Xizr paydo bo‘ldi-yu, hayotimda birin-ketin jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi.
Hozir bolalarim televizor orqali Prezidentimizni ko‘rsa, "Ana, Prezident bobomiz chiqdi, u kishini qachon ko‘ramiz, u kishiga qanday rahmat aytamiz", – deydi ko‘zlari chaqnab. Haqiqatan ham, hech bir yorug‘lik ko‘rinmayotgan turmushimizga nur kirib kelishi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kam ta’minlangan, nogiron oilalarni qo‘llab-quvvatlashi bilan bog‘liq edi…
O‘shanda birinchi farzandlarimga homilador edim. Turmush o‘rtog‘im bilan baxtli turmush kechirayotgandik. Ammo homiladorligim sabab injiqroq bo‘lib qoldim. Biroz vaqt ota-onamnikida turishimga to‘g‘ri keldi. Afsus, oilamiz taqdiri shu kichik muhlatda hal bo‘ldi-qo‘ydi. Erim boshqaga uylandi. Bu orada egizaklarim Hasan va Husan tug‘ildi. Ularni ko‘rganda quvonardim, ammo bolalarimni qanday boqaman, endi nima qilaman, axir ikki o‘g‘ilni birdan katta qilish, tarbiyalash hech joyda ishlamagan ona uchun qanchalik murakkabligini tushunish qiyin emas. Ular biroz ulg‘aygach, bolalarimni onamga tashlab, otam bilan Rossiyaga ishlashga ketdim. Oz-moz pul jamg‘arib, yer sotib oldim. Buyog‘ini bir amallab tiklarmiz, ota-onam yordam beramiz, deyishgach, Vatanimga qaytmoqchi bo‘lib turgan paytim balandroq binoning derazasini artaman, deya yiqilib, jarohat oldim. O‘sha payt hushimdan ketganimni bilaman, xolos, qolgani esimda yo‘q. Murakkab operatsiya o‘tkazishdi rossiyalik shifokorlar. Juda yaxshi parvarish qilishdi. Shundan so‘ng… o‘z yurtimga aravachada qaytib keldim. Bir necha oylardan keyin viloyatdagi shifoxonada takror operatsiya o‘tkazilishi kerak edi. Ming azobda ishlab, bolalarimga deb xarid qilgan yerni ushbu operatsiya uchun sotishimga to‘g‘ri keldi. O‘zim qay ahvolda-yu, do‘xtirlarning qo‘shimcha pul talab qilishlari, keyinchalik esa umuman e’tiborsiz munosabati, aravachaga mixlanib qolganim, farzandlarimning kelajagini o‘ylab, yanada tushkun ahvolda qoldim. Ota-onam ham qiyinchilik bilan kun kechirishardi.
2017 yilda yurtimizdagi o‘zgarishlar, imkoniyati cheklangan insonlarga ko‘rsatilayotgan ko‘mak haqida ommaviy axborot vositalaridan eshitib turdim. Menga ham shunday yordam berilishi mumkinmikan, degan ilinj bilan Prezidentimizning virtual qabulxonasiga murojaat qildim. Shundan so‘ng tuman hokimligi tomonidan yashash sharoitim, ahvolim o‘rganildi. O‘sha yilning o‘zida boshlang‘ich to‘lovi to‘langan uyga ega bo‘ldim. Ishonasizlarmi, uyning biror bir hujjati uchun hech qaysi tashkilotga qatnaganim yo‘q. Hammasini tuman hokimligi, mahalla faollari bajarishdi. Uyli bo‘ldim, deb quvonchim ichimga sig‘magandi, ammo bu hali hammasi emas ekan. Yangi uyimizga ko‘chganimda barcha jihozlar ham muhayyoligini ko‘rib, to‘g‘risi, yig‘lab yubordim. Haliyam tushimmi-o‘ngimmi bu, deya hayron qolaman. Bu yaxshiliklarni qanday qaytaraman, deyman har kuni. Farzandlarimni jamiyatga kerakli, bilimli, yaxshi mutaxassis qilib tarbiyalasam edi, deya orzu qilaman. Prezidentimizni, fidoyi insonlarni har kuni duo qilaman.
Sevara NURMURODOVA,
Past Darg‘om tumani, Po‘latchi mahallasi.
* 2017 yilda 142 nafar kam ta’minlangan, o‘zgalar yordamiga muhtoj fuqarolarimizga yangi qurilgan uy-joylar ipoteka kreditlari asosida foydalanishga topshirilgan bo‘lib, ushbu uy-joylarning boshlang‘ich badal to‘lovlari homiylik mablag‘lari va boshqa manbalar hisobidan to‘lab berildi.
* Viloyatda 2018 yilda ham nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, uy-joyga muhtoj oilalarning 255 nafarini uy-joy bilan ta’minlash rejalashtirildi.