"Hayvonmisan, molmisan?..." ayol muallima o‘quvchiga ... shunday dedi

– Javohga (Javohirga demoqchi shekilli) baqirganiga qara: "Eshakmisan, molmisan?...", deydi. Shu ayol kishiga, muallimaga yarashadigan gapmi? – dedi ikkinchisi.

O‘z kasbining fidoyilari, muhtaram ustozlar meni kechirsinlaru o‘tgan yili boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining jazavaga tushib, haqoratli so‘zlarni aytayotgan video tasvirlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi. Shu yilning 19 yanvar kuni "Facebook" foydalanuvchisi Muazzam Ibrohimova "Eri prokuror bo‘lgan matematika fani o‘qituvchisi tumandagi maktablarning biriga ishga joylashtirildi. U darsga kirgan sakkizta sinfdagi ikki yuzdan ortiq o‘quvchi fanni o‘zlashtira olmay bir yil davomida "mol", "eshak", "hayvon", degan haqoratlar bilan siylandi", deya post qoldiradi. Joriy yil 18 yanvarda Qozog‘istonning Akto‘be viloyatida ro‘y bergan fojiadan ta’sirlangan Muazzam Ibrohimova "Eng yomoni, bolalarning vaqtini o‘g‘irlayotgan bunday o‘qituvchilarni deb Nobel mukofoti olish mumkin olimlar emas, yot o‘lkalarda xor bo‘lib, o‘lib ketayotgan mardikorlar voyaga yetmoqda", deya fikrini tugallaydi.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda peshonasiga ruchka bilan "2" raqami yozilgan o‘quvchilar suratlari tarqaldi. Va bu hammasidan oshib tushdi. Texnika davri emasmi, o‘qituvchilar tomonidan tahqirlanayotgan bunga o‘xshash o‘quvchilar haqidagi bir qancha vediolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. O‘sha o‘qituvchilar topilib, jazoga ham tortildi, lekin bu holat yana davom etmoqda.

Bugungi shiddatli zamonda ko‘ngil degan narsa hech kimni qiziqtirmay qo‘ydi. Psixologlarning ta’kidlashicha, jamoa oldida tahqirlanish, kamsitilish holatlari bolalarda o‘ziga bo‘lgan ishonchning pasayishiga olib keladi.

– Bunday voqealarni 11 yoshgacha bo‘lgan bolalar esidan chiqarishi mumkin ammo o‘smirlar kamsitilganida, tahqirlanganida ruhiyatida umidsizlik, qiziqishning yo‘qolishi, ba’zan agressiya, shuningdek, o‘z joniga qasd qilish kabi mudhish jinoyatlar ham kuzatilishi mumkin, – deydi psixolog Nargiza Abdumannopova.

O‘qituvchilardan so‘rasangiz: "Ustoz behudaga bolalarga baqirmaydi. Tinchlantirish uchun boshqa chorasi qolmagach, ovozini ko‘tarishga majbur bo‘ladi-da", deyishadi. Ammo SamDU qoshidagi akademik litsey ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Dilfuza Toshniyozovaning fikri boshqacha:

– Agar o‘qituvchi darsga puxta tayyorlansa, o‘tilayotgan mavzusini o‘quvchilarga to‘liq tushuntirish uchun hayotiy misollardan foydalansa, ularni qiziqtira olsa, boshqarishga hojat qolmaydi. O‘quvchi zeriksa yoki mavzuni tushunmasa, to‘polon ko‘taradi. O‘quvchi zerikyaptimi demak o‘qituvchi darsga tayyor emas! Bilimga, mahoratga emas, ovozga zo‘r berayotgan o‘qituvchilar afsuski oramizda talaygina. Keyingi paytda o‘smir yoshlar o‘z joniga qasd qilgani, oila a’zolari, yaqinlariga tan jarohat yetkazgani haqidagi xabarlarga tez-tez duch kelyapmiz. Mutaxassislarning fikricha, bu kabi holatlar ruhiy jarohati bor bolalar tomonidan sodir etiladi. Bolalarning ruhiyatiga yetkazilayotgan jarohatda ayrim o‘qituvchilarning ham hissasi borligi achinarlidir. Chunki maktab insonga bilim, tarbiya berish bilan bir qatorda, kelajakka umid, ishonchni shakllantiradigan maskan hisoblanadi. O‘qituvchilar esa ustoz degan sharafli nomga munosib bo‘lishlari shart. Shu sababli, umumta’lim maktablarining har bir sinflarida kuzatuv kameralari o‘rnatilishi kerak deb o‘ylayman. Shunda ba’zi o‘qituvchilar mas’uliyatni his etib, o‘zini qo‘lga olar, ehtimol.

Zero, farzandlarimizning nafaqat jismonan, balki ruhiy kamoloti biz uchun muhim. Ularning nafsoniyatiga, g‘ururiga daxl qilishga hech kimning haqi yo‘q.

Baxtigul QARShIYeVA.