Hazrati Dovud ziyoratgohida 5 million dollarlik osma dor yo‘li qurilmoqda
Samarqand shahrida “pub streyet” loyihasi amalga oshiriladi. Alisher Navoiy, Islom Karimov ko‘chalari turizm ko‘chasiga aylantiriladi.
Joriy va kelgusi yilda mahalliy va xorijiy tashabbuskorlar tomonidan qiymati 3 trillion 337 milliard so‘mlik 126 ta loyiha amalga oshiriladi. Turizmni rivojlantirishga qaratilgan mazkur loyihalar natijasida 3 ming 74 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Hazrati Dovud ziyoratgohi hududida aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida 5 million dollarlik osma dor yo‘li qurilmoqda.
Nurobod tumanidagi Tepaqul qishlog‘ida esa 1 million dollar asosida bir kunda 500 nafar mahalliy va xorijiy sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega dam olish maskani barpo etilyapti.
Xuddi shunday maskan Urgut tumanidagi “Qoratepa” suv ombori hududida ham quriladi. Qiymati 1 million dollarlik loyiha asosidagi zamonaviy dam olish maskanida joylashtirish vositalari, ovqatlanish shoxobchalari va sport maydonchalari ham bunyod etiladi.
Samarqand shahridagi Alisher Navoiy, Islom Karimov ko‘chalari turizm ko‘chasiga aylantiriladi. Mirzo Ulug‘bek, Davlatobod va Ozod Sharq ko‘chalari kesishgan hududda “pub streyet” loyihasi amalga oshiriladi.
Bu haqda viloyat hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Nurullayev xalq deputatlari viloyat Kengashining 23-sessiyasida aytib o‘tdi.
Qayd etilishicha, 100 ta oilaviy mehmon uylari, 30 dan ortiq turoperatorlik faoliyati, 120 ta gid-ekskursiya yetakchilarini tayyorlash, 33 ta sanitar-gigiyenik shoxobcha faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, 5 ta turistik sinfdagi avtobus, 15 ta mikroavtobus, 6 ta elektromobil xarid qilinib, 3 ta turistik axborot markazlari, 32 ta Vi-Fi hududlari tashkil etiladi.