Hazrati Bashir ziyoratgohi haqida nimalarni bilasiz?

Bu ziyoratgoh Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida joylashgan. Bu tumanda, shuningdek, Hasan ota, Hazrati Bashir ota maktabi, Xo‘ja Ilmkon xonaqosi, Hazrati Sulton ziyoratgohi, Hoji Ne’matulloh Valiy maqbarasi, Spitamen, Abu Muslim, Muqannalar jang kilgan janggohlar bor.

Hazrati Bashir ziyoratgohi tumandagi Bashir qishlog‘ida joylashgan bo‘lib, ziyoratgoh nomi shu joyda yashab o‘tgan avliyo Hazrati Sulton Said Ahmad Bashir (1368-1464) nomi bilan bog‘liq. Hazrati Bashir qishlog‘i Kitob shahridan 30,5 kilometr shimoli-sharqda tog‘lar orasida Qashqadaryo daryosining sohilida joylashgan.

Tarixiy manbalarga ko‘ra, Hazrati Bashir Koflotun qishlog‘ida tavallud topgan. Uning otalari Xo‘ja Hasan 90 yoshda, onalari Bibi Malohat 80 yoshda bo‘lishlariga qaramay, ularning farzandi bo‘lmagan. Kunlarning birida shu tarafga yo‘li tushgan Amir Temurning piri Mir Said Barakaning ukasi Said Ne’matulloh ularning haqiga duo qiladi. Ko‘p o‘tmay, duo ijobat bo‘lib, Hazrati Bashir dunyoga keladi. Biroq keksayib qolgan onadan sut kelmaydi. Chaqaloqni atrofdagilar “Beshir” (sutsiz) deb atay boshlashadi.

Allohning mo‘’jizasi bilan ularning hovlisidagi katta chinor ostida chashma paydo bo‘lib, undan bola emizikli yoshdan o‘tguncha sut oqadi. Bu chashma hanuzgacha saratonda ham muzdek, tip-tiniq suvi va shifobaxshligi bilan mashhur. Shuning uchun ham ziyoratgohga kelganlar bu suvdan ichib, o‘zlari bilan ham olib ketadi. Hazrati Bashir qishlog‘i tevaragida Varganza, Chuquraq, Qatarbog‘, Koyini, Shatri, Chinor, Qo‘shchinor, Bodomzor Kosagar, Xirmonjoy, Anorzor, Toshloq, Qo‘shchinor, Hazrati Bashir qishloqlari bor.

Hazrati Bashir davrida Bashir qishlog‘i ma’rifat o‘chog‘iga aylangan. Ali Qushchi ham shu qishloqda makon tutgan va Hazrati Bashirning huzuriga tez-tez kelib turgan. Mirzo Ulug‘bek vafotidan keyin uning qurdirgan rasadxonasi vayron qilingach, Ali Qushchi rasadxonaning sekstantni Bashir kishlog‘idagi Niyoztepaga ko‘chiradi. Shu yerda qurilgan, "poyirasad"da yulduzlar ustida so‘nggi kuzatuv ishlarini olib boradi...

Aytishlaricha, Hazrati Bashir qishloqdagi Niyoztepada dafn etilgan. Uning qabri oldidagi archa daraxti yonida u kishining hassasi bo‘lgan. Hazrati Bashir ota hassasini uloqtirib, “Qayerga borib tushsa, o‘sha joy mening qabrim bo‘ladi”, degan ekanlar. Hassa yo‘g‘on tomoni bilan yerga qadalib qolgan va shuning uchun boshqa daraxtlardan farqli ravishda uning past tomoni ingichka, yuqori tomoni yo‘g‘on ekan.

Xullas, Hazrati Bashir ziyoratgohi va boshqa aziz avliyolarimizning tarixda kim bo‘lgani, o‘sha davrdagi aholining turmush-tarzi,  o‘tmishda ota-bobolarimiz qanday yashaganligi, ularning qilgan ishlari va o‘sha davr haqida bilishni istaganlar ularning nomiga bunyod etilgan maqbara va majmualarni ziyorat qilganlari ma’qul!

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.