Hech kim bo‘ysundira olmagan Kankar-Punsum
Tog‘ cho‘qqilarini zabt etishga intilayotgan kishilarning hayotdan yagona maqsadi hamma ham bora olmaydigan cho‘qqilarga chiqish, erkinlik hissi va tabiat bilan uyg‘unlikka erisha olishdir.
Insoniyat zabt etmagan eng katta tog‘ cho‘qqisi Kankar-Punsumning balandligi dengiz sathidan taxminan 7570 metr, bu cho‘qqi butun dunyodagi balandliklar bo‘yicha qirqinchi joyda turadi. Tog‘larning aksariyati alpinistlar va ekspeditsiyalar tomonidan bir necha bor zabt etilgan bizning davrda u negadir hali ham o‘rganilmaganligicha qolmoqda. Qiziq, nega tabiatning ajoyib mahsuli o‘ziga hech kimni yaqinlashtirishga imkon bermaydi?
Kankar-Punsumning kashf etilish tarixi 1922 yilga borib taqaladi: o‘sha paytda cho‘qqining birinchi tavsifi paydo bo‘lgan. Tog‘lardagi birinchi ekspeditsiyalar 1950 yillarga to‘g‘ri keladi. Biroq, bu ekspeditsiyalar natijasi o‘laroq ko‘plab ochilmagan sirlar va javobsiz savollar qolmoqda.
Birinchi ikkita ekspeditsiya ma’lum koordinatlarda tog‘ yo‘qligi sababli muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Tasavvur qilasizmi, xaritada bor tog‘, amalda yo‘q?! Hatto bugungi kunga qadar ham tog‘li hududning koordinatlari noustuvor bo‘lib qolib, tog‘ hatto hudud landshaftidan butunlay yo‘q bo‘lib qolgan holatlar haqida afsonalar mavjud. Shuning uchun u uzoq vaqt davomida alpinistlar tomonidan topilmagan. Zamonaviy Xitoy va Butan davlatlari esa Kankar-Punsum tog‘i qaysi davlatga tegishli ekanligi haqida doimiy ravishda bahslashib keladi.
1983 yilda Butan hukumati nihoyat tog‘ cho‘qqisiga chiqmoqchi bo‘lganlar uchun yashil chiroq yoqdi. Kankar-Punsumni zabt etish maqsadida butun dunyodan alpinistlar keldi, lekin ekspeditsiyalarning birortasi muvaffaqiyatli yakunlanmadi. Go‘zal cho‘qqi, aniqrog‘i, qoyali anomal zona go‘yo sirli parda bilan qoplanib qo‘yilgandek edi. Ba’zilar kasal bo‘lib qaytishga majbur bo‘ldi, boshqalarga esa cho‘qqiga chiqish hudud iqlimining yomg‘irli sharoiti to‘sqinlik qildi. Ba’zi ekspeditsiyalar hatto o‘lim bilan yakunlangani haqida gaplar ham yo‘q emas.
Butanning mahalliy aholisi Kankar-Punsum muqaddas tog‘ cho‘qqilari xudolar joyi ekanligiga ishonib, ularni bezovta qilish qat’iyan man etilishi kerakligi haqida gapiradi. Shu munosabat bilan hukumat bugungi kunda toqqa chiqishni taqiqlab qo‘ygan.
Kankar-Punsum tog‘i ufologlar e’tiborini tortadigan ob’yekt hamdir. Ushbu sohadagi mutaxassislar tog‘ NUJlar uchun boshpana sifatida xizmat qilishi va ko‘pincha u yerda lipillab turgan “olov raqsi”ni kuzatish mumkinligini ta’kidlashadi.
Sir pardasi bilan qoplangan cho‘qqini zabt etish hal qilinmagan muammo bo‘lib qolib, Kankar-Punsum yaqinida kuzatiladigan anomaliyalar qiziquvchan ongni hayajonlantirishda davom etib kelmoqda.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.