«Hikmat» istilohi va hikmatgo‘ylik
Tilimiz qadimiy qatlamida shunday terminlar mavjudki, ular milliy-umuminsoniy qadriyatlarga doir ma’nolarni tashiydi, ma’naviy qadriyatlarimizning o‘ziga xos jihatlarini aks ettiradi. Shulardan biri “hikmat” termini hisoblanadi. Arab tilidan o‘tgan bu termin adabiyotimiz tarixida keng qo‘llangan. Shu asosda alohida she’riyat yo‘nalishi ham paydo bo‘lgan.
Adabiyotimiz tarixini o‘rganishda hikmatgo‘ylik muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, XX asr boshlarida yaratilgan ba’zi tadqiqotlarda mazkur masala xususida ham ilmiy ahamiyatga molik fikrlar bayon qilingan. Ammo bu kuzatishlar hikmatgo‘y shoirlar va ular merosini o‘rganish borasidagi dastlabki ma’lumotlardan iborat edi. To‘g‘ri, shuning uchun bo‘lsa kerak, ba’zi ijodkorlar shaxsi haqida birmuncha taxminiy mulohaza ham bildirib o‘tilgan. Shu o‘rinda aytish joizki, yaqin yillarda olib borilgan tadqiqotlarda bu taxminning haqiqatda to‘g‘ri ekani e’tirof etildi.
Alisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat» asarida Hakim ota haqida to‘xtalar ekan, hikmatgo‘ylik maktabining asoschisi Ahmad Yassaviy bilan ham bog‘liq quyidagi ma’lumotlarni keltirib o‘tadi: «Hakim ota – oti Sulaymondur va Hoja Ahmad Yassaviyning murididur. Hamonoki, bir kun Hoja tabxe buyurg‘ondurlarki, matxabiy o‘tin yetmaydur deb kelgandur. Alar asxobg‘a degandurlarki, yozidin o‘tin terib kelturung va ul zamon yog‘in yog‘adur ekandur. Asxobkim, o‘tun terubdurlar, matbaxg‘a kelguncha yog‘in jihatidin o‘tunlar o‘l bo‘lg‘ondur. Hakim ota tergan o‘tunlarni to‘nig‘a chirmab, quruq kelturgandur. Hoja hazratlari degandurlarki, ey farzand hakimona ish qilding va alarg‘a bu laqab andin qolg‘andur va Hakim otaga hikmat tili go‘yo bo‘lubtur. Andoqki, aning favoidi atrok orasida mashhurdir. Ul jumladin biri buldurkim:
Tiki turg‘on to‘badur,
Borganlarni yutadur,
Borganlar kelmas bo‘ldi,
Magar manzil andadur».
Ma’lum bo‘ladiki, hikmatgo‘ylik – «hakimona ish qilmoq» bilan aloqador bo‘lib, bu yo‘nalishda ijod qilish, ya’ni «hikmat tili go‘yo bo‘lishi» biror pir ta’sirida amalga oshgan deyish mumkin. Chunki mazkur parchada tilga olib o‘tilgan «o‘tin» bilan bog‘liq voqealar o‘z navbatida majoziy xarakterga ega. Shuning uchun ham adabiyotshunos I.Haqqulov bu haqda shunday degan edi: «Hakim otaning faqat laqabga erishishi emas, unga «hikmat tili»ning «go‘yo» bo‘lishi ham bevosita Yassaviy ta’siri bilan ham aloqadorligini Navoiy fikrlarining ichki mantig‘i tasdiqlab turibdi. …Hakim otaning tergan o‘tinlarini «to‘nig‘a chirmab» quruq keltirgani, bundoq olganda, nima degan hodisa. Nahotki, shuning uchungina u hakim laqabiga musharraf bo‘lgan bo‘lsa? Bizningcha, unda ramz bor. Bu ramzning mazmuni esa Hakim ota siymosida Yassaviy o‘zining sodiq muridi, hikmatlar yaratuvchi izdoshini ko‘rganligini bildiradi».
Shuningdek, akademik B.Valixo‘jayev «Nasoyimul muhabbat»da mazkur to‘rtlikni keltirar ekan, Alisher Navoiy XV asrning ikkinchi yarmida Hakim ota hikmatlarining turkiygo‘ylar orasida shuhrat qozonganinigina emas, balki o‘sha davrdagi nusxasini misol keltirish orqali hikmat mavzui, uning shakliy va til xususiyatlarini o‘rganishda bebaho bir badiiy hujjat qoldirganini ta’kidlaydi.
Hikmatlarning mavzu va g‘oya nuqtai nazaridan o‘ziga xosligi pand-nasihat, o‘gitlar orqali insonni tarbiyalashga qaratilgan bo‘lib, asosan hikmatlar Qur’on va hadis g‘oyalarini she’riy tarzda ifodalashning yo‘li ekanligi Alisher Navoiyning adib Ahmad Yugnakiy haqida bildirgan fikrlari bayonida ham «…aksar turk ulusida hikmat va nuktalari shoye’dur. Nazm tariqi bila aytur ermish» tarzida ifodalangan. Shu bilan birga Yugnakiydan keltirilgan ushbu misralar ham diqqatni jalb etadi:
So‘ngakka iliktur, eranga bilik,
Biliksiz eran ul iliksiz so‘ngak.
Alisher Navoiy e’tiborini tortgan bu baytda so‘ngak – jism, ilik – jon. Jism jon bilan tirik bo‘lgani kabi jism va jondan iborat inson ilm bilan tirik, to‘g‘rirog‘i, u shunga intilmog‘i lozim, degan mazmun ifodalangan. Zotan, «eranga bilik» yashashning bosh maqsadi.
Baytdagi “bilik” so‘zi mohiyatan hikmat ma’nosida. Shu o‘rinda aytish joizki, «hikmat» istilohining ma’no-mazmuni va uning o‘zbek adabiyotidagi sinonimlari yetarli darajada tadqiq etilmagan mavzulardan sanaladi.
Manbalarda berilgan izohlarga ko‘ra, hikmat – (a) 1. O‘ta donolik, donishmandlik: zakovat, aql-idrok 2. Tagini anglash qiyin, yashirin bir ma’no, yashirin bir sabab: sir. 3. Esk. Ayn. Fizika, donish (bilmoq): bilimdonlik: falsafa: tadbir: sabab, ilohiy ilm, mohiyat, umumiy ma’noda pand-nasihat, Haqqa muvofiq so‘z, go‘zal ilm, solih amal: ma’rifati xaloyiqi mavjudot: Allohga mutlaq itoat: koinot va yaratilishdagi ilohiy g‘oya: ilmi laduniy kabi bir qator ma’nolarni beradi. Shuningdek, lug‘atlarda bu o‘zakdan yasalgan «hikmatjo‘», «hikmatbaob», «hikmatparast», «hikmatpesha», «hikmatsirisht», «hikmatsoz», «hikmatqism» singari so‘zlar uchraydi.
«Tasavvuf lug‘ati»da keltirilishicha, Qur’oni karimda yigirmaga yaqin o‘rinda hikmat kalimasi zikr etilgan bo‘lib, ular mana bu ma’nolarni ifodalagan ekan:
- Nasihat va o‘git («Baqara» surasi, 23-oyat).
- Noziktablik va ilm («Aniqi, biz Luqmonga hikmat ato etdik…» «Luqmon» surasi, 12-oyat).
- Payg‘ambarlik salohiyati («Baqara» surasi, 251- oyat).
- Qur’on sirlarini bilish («U o‘zi istagan kishilarga hikmat berur. Kimga hikmat berilgan bo‘lsa…» «Baqara» surasi, 269-oyat.
Ba’zi e’tiroflarga ko‘ra, bu istiloh ko‘p tarmoqli axloq ilmining umumiy nomi sifatida ham ishlatiladi. Bunda u, avvalo «ilmi nazaroiy» va «ilmi amaliy» singari ikki tushunchani o‘zida mujassam etgan. I.Haqqulov «Hamdiy Yozarning aytishicha, hikmatning boshlang‘ichi «ilmi nazariy» erur. Biroq bu ilm «ilmi amaliy» uchun to‘liq asos bo‘la olmaydi. Shu bois «faqat nazariy ilm saviyasida qolib amaliy hikmatga (hikmati amaliyga) erishmaslik shaytonga yo‘l bermak» deganidir», deydi.
Aytish mumkinki, Sharqda, xususan, musulmon dunyosida «ilmi nazariy» ma’naviyatimiz sarchashmasi – Qur’on va hadislarga borib taqaladi. «Ilmi amaliy» esa o‘sha muqaddas manbalarda berilgan yo‘l-yo‘riqlarga tom ma’noda amal qilish orqali ma’naviy komillikka erishuvni anglatadi. Badiiy adabiyotlarda oddiy xalq (avom) vakillari emas, balki shayx, zohidlarning xudbin yoki ta’magir sifatida tanqid qilinishi, ularning garchi «ilmi nazariy»da yetuk bo‘lsalar-da, amaliyotda hikmatdan to‘g‘ri xulosa chiqarmaganliklari, «beadab»lik qilganliklariga ishoradir.
Hikmatning bu ikki jihatini farqlantirib turuvchi yana bir xususiyat, «ilmi nazariy» yo‘l-yo‘riq sifatida ko‘pincha yakka shaxsga tegishli bo‘lmagan holda oldindan mavjud bo‘lsa, «ilmi amaliy» shaxs faoliyatida yuzaga chiqadigan keyingi jarayondir. Ya’ni, «shaxsning axloqni yaxshilab ezgu ishlar qilishga o‘zini odatlantira olishdir».
Eslatib o‘tilganidek, hikmatning bir ma’nosi falsafa demakdir. Shunga ko‘ra, uni hakim (faylasuf) so‘ziga aloqador tomonlari haqida ham ba’zi fikrlar bildirilgan. Kuzatishlardan ma’lum bo‘lishicha, bu qarash ham haqiqatdan yiroq emas. Chunonchi, Abdulla Avloniyning «Turkiy guliston yoxud axloq» asarida keltirilgan ushbu rivoyatga e’tibor bering: «Bir ko‘r hazrati Luqmonning oldilariga kelub, «agar ko‘zimni ochsangiz, men Sizga qul bo‘lurman», -demish. Hakim ko‘rni ma’rifat sohibi ekanini bilub, «jonim, ko‘zingning pardasin ochmoq mumkin, lekin nazari ibratni ochmoq qo‘limdan kelmaydur», - demishlar. Ko‘r: «Yo Luqmon! Sizning shuhratingiz faqat parda ochmoqdin iborat bo‘lsa, sizni hakim demay tabib demak lozim ekan», - deb hazrati Luqmonning ibrat ko‘zini ochmishdur».
Umuman, «hikmat» istilohi va hikmatgo‘ylik masalalari chuqurroq o‘rganilishi lozim bo‘lgan muammolardan biridir.
X.BERDIYeV,
Z.AShUROVA.