Hindiston ikki o‘t orasida: G‘arbmi yoki Rossiya?
AQSh prezidenti Jo Bayden Hindiston bosh vaziri Narendra Modidan Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortida Rossiya nefti importini oshirmaslikni so‘ragach, bu masalani ikki davlat tashqi ishlar vazirlari va mudofaa vazirlari ishtirokidagi 2+2 muloqoti doirasida muhokama qilishdi.
Hindiston Bosh vaziri bu borada ochiq va’da bermagach, ikki davlat munosabatlarida ma’lum keskinlik yuzaga keldi.
«Neft sotib olish, sanksiya va hokazolar haqida gap ketganda, men faqat energiya sotib olishda istisnolar mavjudligini ta’kidlayman. Albatta biz Rossiyadan qo‘shimcha energiya xarid qilmaslikka chaqiramiz. Va har davlatning o‘ziga xos joylashuv va turli ehtiyojlari bo‘lsa-da, ittifoqchi va hamkorlarimiz Rossiya nefti xaridini oshirmasligiga umidda qilamiz», dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken hindistonlik hamkasbi bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida.
Avvalroq AQSh Hindistonga energiya manbalarini diversifikatsiya qilishda yordam taklif qilgan edi.
Ukrainada urush boshlanganidan beri Hindiston kamida 13 million barrel Rossiya neftini sotib oldi. Vaholanki o‘tgan yil davomidagi bu raqam 16 million barrelni tashkil etgan. Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jaishankar esa Blinkenga kim eng katta xaridor ekanligini eslatdi:
"Men sizga Yevropaga e’tibor qaratishingizni maslahat bergan bo‘lardim. Biz energiya xavfsizligimiz uchun zarur energiyani sotib olmoqdamiz, ammo raqamlarga qarasangiz, bizning bir oylik umumiy xaridimiz Yevropaning bir kunlik xarididan kamroq ko‘rinadi. Siz bu haqda o‘ylab ko‘ring"
Xom neft importi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turuvchi Hindiston hozirda o‘z ta’minotining atigi 3 foizini Rossiyadan sotib oladi. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, Nyu-Dehli, shuningdek, neft va boshqa tovarlar to‘lovida rupiy va rublda savdo-sotiq mexanizmini yaratishni ko‘rib chiqmoqda.
Seshanba kuni xom neft narxi bir barrel uchun 100 dollarga tushib ketdi va o‘tgan haftada deyarli 14 yil davomidagi eng yuqori ko‘rsatkichga erishgandan so‘ng bozorlarda pasayish davom etdi. Blinken va AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning aytishicha, muzokaralarda shuningdek, Hindistonga qurol sotish haqida gap ketdi.
Ukrainadagi inqiroz Rossiya bilan ko‘p yillik yaqin aloqalardan so‘ng Hindistonni diplomatik dilemma qarshisiga qo‘ydi. Mamlakat G‘arb bosimiga qaramay, sanksiyalar tufayli narxi tushib ketgan Rossiya energiya resurslarini sotib olishda davom etmoqda.
Moskva Nyu-Dehlining eng yirik qurol, jumladan S-400 raketaga qarshi mudofaa tizimlari yetkazib beruvchisidir. AQSh sanksiyalari tahdidiga qaramay, Hindiston ularni milliardlab dollarga sotib olmoqda.
Ammo shunisi ham borki, Hindiston o‘zining shiddatliroq qo‘shnisi - Xitoyga qarshi turish uchun G‘arbning yordamiga ham muhtoj.
Matbuot anjumanida Blinken, shuningdek, barcha, ayniqsa, ta’sir kuchiga ega bo‘lgan davlatlar Rossiyaga bosim o‘tkazishi zarurligi, demokratiya bir ovozdan gapirishi kerakligini aytdi.