Hindiston Mudofaa vazirligi chegarada Xitoy harbiylari bilan yuzaga kelgan to‘qnashuv haqida xabar berdi
Hindiston Mudofaa vizirligi o‘tgan dam olish kunlari Ladakx chegara hududida Xitoy harbiylari bilan yuzaga kelgan yangi to‘qnashuv haqida xabar berdi. Jabrlanganlar soni haqida ma’lumot taqdim etilmadi.
Ladakxdagi vaziyat joriy yilning may oyidan boshlab ikki mamlakat harbiylari o‘rtasida bir qator to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tganidan so‘ng ziddiyatli tus ola boshladi. Rasmiy Nyu-Deli taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, harbiylar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oqibatida 20 nafar Hindiston askari halok bo‘lgan. Xitoy tomondan halok bo‘lganlar to‘g‘risidagi ma’lumot taqdim etilmadi.
“29 avgustdan 30 avgustga o‘tar kechasi Xitoy xalq ozodlik armiyasi Sharqiy Ladakxda davomiyli to‘qnashuvlar chog‘ida erishilgan harbiy va diplomatik konsenusni buzdi va harbiy harakatga o‘tishga undovchi harakatlarni amalga oshirdi. Hindiston qo‘shini ushbu harakatlarni Pangong-So ko‘lining janubiy qirg‘og‘i yonida to‘xtatdi”, deyilgan Hindiston Mudofaa vazirligi axborotida.
“Hindiston armiyasi muzokaralar orqali tinchlik va xotirjamlik o‘rnatilishi tarafdori. Ammo o‘z hududiy chegaralarini himoya qilish ishtiyoqi doimo yuqori”, deb qo‘shimcha qilingan xabarda.
Ladakxdagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun ikki mamlakatning qo‘mondonlik kuchlari va diplomatlari bir qancha muzokaralar o‘tkazishdi. Muzokaralar natijasiga ko‘ra, ikki mamlakat qo‘shini to‘qnashuvgacha egallab turgan pozitsiyalariga qaytdi.