Hindiston va Nepalda o‘nlab odamlar suv toshqini va ko‘chkilar qurboni bo‘ldi

Hindiston shimolida Uttarakxand shtatida kuchli yog‘ingarchilik tufayli yuzaga kelgan toshqin va ko‘chki oqibatida kamida 46 kishi halok bo‘ldi, jarohatlangan va bedarak yo‘qolganlar bor.

Avvalroq, shtat rahbari Pushkar Singx Dhami hukumat qurbonlar oilalariga 400 ming rupiy (5,3 ming dollar), uy-joyidan ayrilganlarga 190 ming rupiy (2,5 ming dollar) tovon puli to‘lashini bildirdi.

Naynital kurort shahri, shuningdek, Himolay tog‘ etaklarida joylashgan Kaladhungi, Xoldvani va Bxavali shaharlari bilan aloqa butunlay uzilgan. Hindistonlik meteorologlar kuchli yomg‘ir bir necha kun davom etishini ma’lum qilishdi.

Shuningdek, Nepalda suv toshqini va ko‘chkilar oqibatida kamida 31 kishi halok bo‘ldi, 40 dan ortiq kishi bedarak yo‘qoldi, deb xabar beradi APB Live nashri.

Politsiyaning qidiruv-qutqaruv ishlarini davomli yomg‘ir va ko‘chkilar qiyinlashtirmoqda. Ichki ishlar vazirligi qutqaruv ishlariga Nepal armiyasi, politsiyasi va qurolli politsiya kuchlarini safarbar qildi.

Suv toshqini aeroportlar ishiga ta’sir qildi – bugun, 20 oktyabr kuni Katmandu, Biratangar aeroportlarida 100 dan ortiq reyslar bekor qilingan. Aeroport binolari, uchish-qo‘nish yo‘li va angarlar suv ostida qolgani haqida xabar berildi.