Hindistonda koronavirus xavfi oshmoqda

Kecha mamlakatda kasallik boshlangandan buyon bir sutkada sodir bo‘lgan o‘lim va kasallanish holatlari bo‘yicha rekord natija qayd etildi, deya xabar beradi ria.ru sayti. Ya’ni, Hindistonda o‘tgan bir sutka davomida 217 353 nafar kishi koronavirus bilan kasallandi, 1,1 ming nafar bemor COVID-19 asoratlaridan vafot etdi.

Hindiston sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda 37 kundan beri bir sutkada kasallanganlar soni ortib bormoqda, davolanayotganlar soni esa 135,9 mingdan 1,56 million kishiga yetdi.

Ma’lumot uchun, Hindiston koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turibdi. Mamlakatda 14,29 million COVID-19 bilan kasallanish holatlari qayd etilgan. 12,54 million kishi kasallikdan sog‘aygan, 174 ming nafar inson koronavirus va shu turdagi kasallik oqibatida vafot etgan.

Bugungi kungacha mamlakatda 117 million kishi COVID-19 ga qarshi emlangan, oxirgi sutka davomida emlanganlar soni 2,7 millionga ortdi.