Hindistonda odamxo‘r qoplon 35 kun ichida 12 kishini o‘ldirdi
Hindistonning Maxarashtra shtatida odamxo‘r qoplon 35 kun davomida 12 kishini o‘ldirdi. Bu haqda India Today nashri xabar bermoqda.
Izlarga qaraganda, barcha hujumlarni bitta hayvon qilgan. Bir oy davomida u bir tartibda - har uch kunda hujum qilib odamlarni o‘ldirgan. Atrofdagi qishloqlar aholisi qo‘rquvda, imkon qadar uylaridan chiqmaslikka harakat qilishmoqda.
Yirtqichni tutish bo‘yicha yirik operatsiyalardan birini shtatning davlat o‘rmon xo‘jaligi o‘tkazdi. Sakson kishi iskovuch itlar bilan qidiruv ishlariga tashlandi, o‘rmonga 20 ga yaqin tuzoq va videokuzatuv kameralari o‘rnatildi. Biroq hayvon qochishga muvaffaq bo‘ldi va «qotillik»lar davom etaverdi.
Yirtqichni o‘ldirishga buyruq berildi. 11 dekabr kuni Maxarashtra o‘rmon xo‘jaligi departamenti yirtqichni qidirib topib o‘ldirish uchun Pune shtatidan snayper va professional o‘q otuvchini taklif qilishdi. Ular qoplonni ta’qib qilib, o‘t ochishdi. Lekin bu safar ham u qochishga muvaffaq bo‘ldi.
2019 yilda Hindistonda odamxo‘r qoplon bir oiladan to‘rt oylik bolani o‘g‘irlab, uni burdalab tashlagani haqida xabar berilgan edi. O‘ldirilgan chaqaloq dalada, cho‘ponlar yaqinida uxlagan paytda yirtqich qo‘qqisdan paydo bo‘lib, o‘ljasini olib qochgan. Bolaning g‘ajilgan jasadi 1,5 kilometr uzoqlikdagi soy yaqinidan topilgan.