Hindistondagi LG zavodidan tarqalgan gaz oqibatida odamlar qurbon bo‘ldi

Hindistonning Andra Pradesh shtatida joylashgan “LG Polymers” zavodidan tarqagan gaz oqibatida kamida 8 kishi vafot etdi, mingga yaqin odam kasalxonaga yotqizildi, bir necha minglab odamlarda ko‘ngil aynishi holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda Hindustan Times xabar qildi.

Ko‘ngilsiz vaziyat Vishakxapatnam shahri yonida sodir bo‘lgan. Qurbon bo‘lganlar orasida bir nafar yosh bola ham bo‘lgan. Mahalliy hukumat uylarda nechta odam hushini yo‘qotgani haqida aniq ma’lumot ayta olmayapti. Shuningdek, qoramol va boshqa turdagi uy hayvonlarining ham o‘lgani ma’lum qilindi.

Hindiston favqulodda vaziyat xizmati (NDFR) yaqin atrofdagi uch nafar qishloq aholisini evakuatsiya qildi. Yon atrofdagi 20 ga yaqin qishloq aholisiga namlangan mato orqali nafas olish va ko‘chaga chiqmaslik tavsiya qilindi. O‘t uchiruvchilar zaharli moddalarni o‘ziga singdirib olishi uchun ko‘chalarga ohak aralashtirilgan suv sepib chiqmoqda.

Mamlakat Bosh vaziri Narendra Modi Favqulodda vaziyatlar vaziri va IIV rahbarlari ishtirokida tezkor yig‘ilish o‘tkazdi.

“LG Polymers” – Koreyaning LG kompaniyasining Hindistondagi bo‘limi. Gaz tarqalishiga sabab bo‘lgan zavod polistirol ishlab chiqaradi. Baxtsiz hodisaning yuzaga kelishiga taxminiy sabab qilib, karantin vaqtida zavodning qarovsiz qolib ketganligi aytilmoqda.