Mumbaylik shifokorlar Samarqandda yurak qon-tomir kasalliklarini davolash bo‘yicha hamkorlik taklif qildi
Hindistonning Mumbay shahridagi “Breach Candy Hospital” klinikasining yurak qon-tomir hamda xirurgiya bo‘yicha shifokor va mutaxassislari Samarqand shahriga keldi.
Mutaxassislar bilan viloyatdagi yurak qon-tomir kasalliklarini davolashdagi tajribalar bilan o‘rtoqlashgan hindistonlik shifokorlar viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasida bo‘lishdi. Bu yerda klinikaning yetakchi mutaxassislari hamda ularga hamrohlik qilgan biznes hamkor Nor Ahmad tibbiy yordam samaradorligini oshirish maqsadida investitsiya kiritish taklifini bildirdi.
Tomonlar dastlab yurak qon-tomir kasalliklari, jigar, o‘pka va qandli diabet kasalligiga chalingan bemorlar uchun onlayn hamda oflayn konsultatsiyalar tashkil etish, joylarda tibbiy tekshiruvlar o‘tkazish zarurligini bildirishdi.
So‘ngra ular tibbiy xizmat punktlariga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish klinikalarida bo‘lishdi. "Samarqand-Florensiya" qo‘shma korxonasi bosh direktori Ibrohim Anvarov takliflar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Shulardan kelib chiqib, ushbu sohalar bo‘yicha hududga investitsiya kiritish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.