Hindistonlik musulmon namoyandalari Samarqandda
Mehmonlar Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, maskanda bunyod etilayotgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qurilishi jarayonlari bilan tanishdi. Shuningdek, Amir Temur, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbara majmualarini, Registon maydonidagi tarixiy obidalarni ziyorat qildilar.
– O‘zbekiston islom sivilizatsiyasiga katta hissa qo‘shgan buyuk allomalar yurti, – deydi delegatsiya a’zosi, islomshunos olim Xvadja Iftixar Ahmad. – Hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy butun musulmon olamida hurmat bilan tilga olinadi. Shuningdek, O‘zbekistonda islomni targ‘ib qilishga katta e’tibor berilayotganligi tahsinga sazovor. Samarqand, Buxoro va Termiz kabi shaharlarda islom madaniyatiga oid tarixiy obidalar yaxshi saqlanib qolganligi e’tirofga loyiq.
Tashrif mobaynida mehmonlarga mamlakatimizda ajdodlarimizdan meros tarixiy-madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish, yurtimiz sayyohlik salohiyatini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
B.MUSTANOV.