Hisobotlarga emas, amaliy ishlarga baho beriladi

Samarqand shahrida yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo‘yicha reyting tizimini joriy etishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Unda Oliy Majlis Senati a’zolari va mahalliy kengashlar deputatlari, viloyatdagi yoshlar siyosatini amalga oshirishga mutasaddi tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi B.Sayfullayev davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida parlament yuqori palatasi tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo‘yicha reyting tizimini joriy etish to‘g‘risida qaror, nizom va reyting baholash tartibi ishlab chiqilib, tasidiqlanganini ta’kidladi.

– Yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan yaxshilash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka keng jalb etish, yosh kadrlar zaxirasini shakllantirish, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, salomatligini asrash kabi yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan reyting tizimini ishlab chiqishda “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun asos qilib olindi, - dedi B. Sayfullayev. – Bundan ko‘zlangan maqsad belgilangan vazifalar ijrosini amalda haqiqiy bajarilishini ta’minlashdan iborat. Biz o‘rganishlarimiz davomida ko‘p joylarda qog‘ozdagi hisobotlar amalda isbotini topmaganini ko‘rdik. Yangi tizim bunday holatlarga chek qo‘yadi. Reyting tizimi bo‘yicha baholashni tashkil etish Yoshlar ishlari agentligi shahar va tuman bo‘limlari tomonidan olib boriladi. Bunda har bir ma’lumot, raqamlar bo‘yicha shaxsan hududlarning birinchi rahbarlari javobgar bo‘ladi.

Ushbu ishlarning nazorati Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga yuklanganligi ko‘pchilikda agentlik nimani xohlasa shuni yozadi-da, degan tushuncha uyg‘otishi tabiiy. Yo‘q, bunday bo‘lmaydi. Chunki, reyting tizimi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqidagi axborotlar Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Yoshlar daftari” bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan elektron platforma orqali amalga oshiriladi. Kiritilgan ma’lumotlarning amaldagi holati ham o‘rganiladi.

Belgilangan me’yorlar asosida eng yuqori ball to‘plagan hududlar aniqlanib, mas’ullar rag‘batlantirilishi ko‘zda tutilgan. Eng past ko‘rsatkich qayd etilgan hududlar ham tanqidiy tahlil qilinib, mas’ullarga nisbatan belgilangan ta’sir choralari qo‘llaniladi. Eng muhimi, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish endi faqatgina amaliy chora-tadbirlar bilan bajariladi. Endi shunchaki hisobotlar bilan ishlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Seminarda reyting tizimi yoshlar siyosati borasida belgilangan vazifalarni jamiyatning quyi bo‘g‘inlariga ham yetib borishini ta’minlash, yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan ularni hech qanday to‘siqlarsiz foydalanishlarini ta’minlash maqsad qilinganligi alohida ta’kidlandi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov, mahalliy kengashlar deputatlari va mutasaddi tashkilotlar vakillari amaliyotga kiritilayotgan yangi tizim bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirib, uning samaradorligini oshirish yuzasidan o‘z takliflarini bayon etdi.