Hoji bobo nimadan norozi?

Salim bobo Yangiariq bo‘ylarida unib-o‘sgan, shu yerda yashaydi, savob ishni yaxshi ko‘radi. 5-6 yil ilgari shu ariq bo‘yida terak o‘stirib, yog‘ochini temirga almashtirib, ko‘prik qurib berdi. Ammo… shu ikki o‘g‘il muammosi bitmayapti-da.
O‘ylab-o‘ylab, bolalarini shu ariq bo‘yidagi qirg‘oq mintaqa zonasida dehqonchilik qilishga ko‘ndirdi. Bu joyni fermer xo‘jaligiga qo‘shib olgan Asadilla Do‘stov avvaliga xo‘p, dedi, ammo keyinchalik ular kelisha olmadi. Keyin… qabulimga keldi.
– Uka, borib ko‘ring, kanal qirg‘oq zonasi xarob bo‘lib yotibdi. Fermer tayinli hosil olmaydi. Bu yer kimga tegishli ekanini ham bilmaymiz. Hokimga borsam, suv xo‘jaliginiki, deydi. Suv xo‘jaligiga borsam, hokimiyatga boring, deydi.
Avval ayrim rahbarlarga telefon qildim.

– Oldimga kelsin, (mutaxassis yuboraman, demadi) maslahat qilamiz, yordam beramiz, – dedi hokim.
– Qishloqdan chetroqda yerlar bor, lekin Salim bobo uyiga yaqin joydan yer so‘rayapti, – dedi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tuman bo‘limi raisi Barno Mamadaliyeva. – Fermer bilan esa til topisha olmayapmiz. Mayli, bir gaplashib ko‘raman.
Uyiga yaqin degan joy oralig‘i 1,5 kilometr ekan.
Ming afsuski, ikkalasi ham so‘zida turmadi. Hech kim masalani joyida borib o‘rganmadi. Oxiri muxbir yubordik. Muammoning tagiga yetish qiyin kechdi. Qirg‘oq mintaqasi qanday qilib fermer xo‘jaligi hududiga "sug‘orib haydaladigan yer" deb kiritilganini hech kim izohlab berolmadi. Salim bobo ekkan 300 tup terakdan 45 tasi bor. Qolganini sindirib tashlashgan. Yer esa o‘sha holicha turibdi. "Darg‘om" irrigatsiya tizimi idorasi S.Roziqov bilan shartnoma tuzishni istamaydi.
Hoji bobo "Prezidentning gaplaridan keyin ham bu rahbarlar o‘zgarmaydi, uka", deb qo‘l siltab ketdi. Darvoqe, bu maqolaga na viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi, na "Darg‘om" irrigatsiya tizimi idorasi, na Urgut tuman hokimligi munosabat bildirmadi. Ehtimol, o‘qishmagandir.
Oradan ikki yil o‘tgach, yaqinda Salim bobo yana keldi.

– Uka, nahotki yerning taqdirini bir o‘jar fermer hal qilsa? Yerning umri bekor o‘tyapti, – deya qizishdi Salim bobo. – Hokimlik, kadastr, irrigatsiya tizimi bu atrofni tartibga olish bilan mutlaqo qiziqmaydi. Portalga shikoyat yozdim. Irrigatsiya tizimi "Bizda bu odamning arizasi yo‘q", deb qutulibdi. Uyalishdimi, ishqilib, mendan ariza yozdirib olishdi. Bular Prezidentni aldashdan ham qo‘rqmas ekan, tavba!
Oxiri "Darg‘om" irrigatsiya tizimi boshqarmasi rahbariga quyidagi savollar bilan yozma murojaat qildim:
1. Urgut tumani, Yangiariq mahallasi hududidagi PK-138 va PK-140 oralig‘idagi qirg‘oq mintaqa zonasidagi yerlar ayni vaqtda qaysi tashkilot    tasarrufida?
2. Ushbu qirg‘oqbo‘yi muhofaza yerlari bo‘yicha biror yuridik yoxud jismoniy shaxs bilan ijara shartnomasi imzolanib, foydalanishga berilganmi? Agar kimgadir berilgan bo‘lsa, shu kungacha qancha iqtisodiy foyda ko‘rilgan?

3. Qaysi holatlarda fuqarolarning qirg‘oqbo‘yi muhofaza yerlaridan foydalanish bo‘yicha taklifi rad etilishi mumkin?
4. Qirg‘oqbo‘yi muhofaza hududlari fermer xo‘jaliklari tasarrufiga o‘tkazib yuborilgan taqdirda qanday chora ko‘riladi?
2017 yil 6 dekabrda yuborilgan xatga 2018 yil 18 yanvar kuni "Darg‘om" irrigatsiya tizimi boshqarmasi boshlig‘i Sh.To‘rayev imzosi bilan quyidagi javobni oldik:
"Sizning 2017 yil 6 dekabrdagi № 312 sonli xatingizga javoban "Darg‘om" irrigatsiya tizimi boshqarmasi Sizga shuni yozib ma’lum qiladiki, Urgut tumani A’loxotin MFY hududidan oqib o‘tuvchi "Yangiariq" kanalining qirg‘oq mintaqa yer maydonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 7 apreldagi 174-sonli qarorini tatbiq etish maqsadida yerni ijaraga berish shartnomasi fuqarolarga kanalni qirg‘oq mintaqa yeriga tol, terak ekib parvarish qilish uchun shartnoma asosida berilmoqda.
Shunga qaramasdan, tuman yer resurslari kadastr mutaxassislari kanalning qirg‘oq mintaqa yer maydonigacha fermer xo‘jaligiga o‘lchab bermoqda".

Endi Urgut tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i I.Jo‘lliyevning tuman hokimi va ariza muallifiga xatini ham keltirib o‘tsam.
"Tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi tumandagi Mirzaqishloq qishloq fuqarolar yig‘ini A’loxotin mahallasida yashovchi fuqaro Roziqov Salimning tuman hokimligi nomiga yozgan arizasi yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:
Fuqaro Roziqov Salim xuddi shunday mazmundagi xat orqali muqaddam ham murojaat qilgan. Murojaat tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi tomonidan o‘rganib chiqilib, o‘rganishda fuqaro Roziqov Salim talab qiladigan yer maydoni fermer xo‘jaligiga ajratib berilganligi, yer maydonidan foydalanish uchun fermer xo‘jaligi bilan ichki shartnoma tuzib ishlashligi to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borilgan bo‘lsa-da, fuqaro Roziqov Salim tushuntirishlardan qoniqish hosil qilmagan. Fuqaro Roziqov Salimning talabi bo‘yicha yer maydoni ajratib berishlik to‘g‘risida Yangiariq agrofirmasi rahbariyatiga tegishli ma’lumot va ko‘rsatmalar berildi".
S.Roziqov ko‘tarib yuradigan sumkadagi bunday savol-javob va xatlarni to‘plab, bolalar bog‘chasi pechiga yoqsangiz, binoni ikki kun isitar. Ha, to‘g‘ri aytdingiz, yolg‘on yozilgan bu qog‘ozlarda taft ham bo‘lmasa kerak.

Mayli, keling, odilona fikr yuritaylik. Salim boboga qonun yoki tartibga (ehtimol, kimningdir istagiga) ko‘ra, yer berilmasin ham. Lekin ushbu nizoni amaldagi tartibga ko‘ra, tuman hokimligi yoki "Darg‘om" irrigatsiya tizimi boshqarmasi hamma tegishli idoralar vakillarini yig‘ib, bir-ikki soat ichida masalaga joyida nuqta qo‘ysa bo‘ladi-ku. Ularga odamlar bilan ishlash qog‘oz bilan ishlash emas, degan haqiqatni kim aytadi?
Aytganday, "Zarafshon"ning 2014 yil 7 avgust 94-sonidagi maqolada "Darg‘om" irrigatsiya tizimidagi yana bir muammo keltirilgan. Demak, viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi tarmoqdagi muammolarni o‘rganish uchun jiddiy chora ko‘rsa bo‘lmasmidi? Bu muammolar bugun bo‘lmasa, ertaga albatta, yuzaga chiqishi aniq-ku! Ularni albatta, Toshkentdan kimdir kelib, o‘rganib berishi kerakmi?!

Bu gapni bejiz aytmadim. Irrigatsiya tizimida mutlaqo ochiqlik yo‘q. Vaholanki, sohaga davlatning juda katta mablag‘i sarflanyapti. Qirg‘oq mintaqasidan olinishi kerak bo‘lgan daromad rejasi ham, undan tushgan mablag‘ ham sir saqlanadi. Bundan o‘zingiz istagancha xulosa chiqarib olavering.
Daryo va kanallarni tozalashdagi rejalar ijrosida raqamlar keltiriladi-yu, uning samarasi haqida batafsil aytilmaydi. Chunki bu natijani hech kim so‘ramaydi, mabodo so‘ralsa ham yopiq eshiklarda muhokama etiladi.

Yuzlab gektar unumdor ekin maydonlari uy-joyga noqonuniy berilib, qirg‘oq mintaqalari shu gektarlar o‘rnini "to‘ldirish" uchun unumdor yerlar toifasiga kiritilganini savodsiz dehqon ham yaxshi biladi-ku. Shu muammoni viloyat miqyosida o‘zimiz o‘rganib, kamchiliklarni paydar-pay tuzatib borsak yomonmi?
Endi ism-sharifini ma’lum qilmasligimni so‘ragan mutaxassisning ushbu fikrini keltirib o‘taman:
– Masalaning nozikligi shundaki, – dedi u, – qo‘shiluvchilar o‘rni almashgani bilan natija o‘zgarmaydi. Misol uchun, fermer xo‘jaligida 50 gektar maydon bor. Shuning 46 gektari sug‘oriladigan ekin maydoni, qolgan 4 gektari esa yo‘llar, boshqa joylar degan grafaga taqsimlanadi. Agar sug‘oriladigan maydonga "bilib-bilmay" imorat qursak, o‘sha hajmdagi maydon keyingi grafalarga qo‘shilib boraveradi. Asosiy raqam – 50 gektar o‘zgarmasa bo‘ldi. Qirg‘oq mintaqalari garchi toshloq yoki zaxxok bo‘lsa-da, shu tariqa "sug‘oriladigan maydon"larga aylanib qolaveradi.

Yaqinda bulung‘urlik jamoatchi muxbirimiz bir holatni aytib berdi. Zarafshon daryosining Bulung‘urdagi hududida yangi korxona ochilib, tegishli tashkilotlarga shag‘al yetkazib bera boshlabdi. O‘sha yerda irrigatsiya tizimiga daxldor tashkilot ham bor ekan. Xullas, ikkala idora rahbarlari orasida gap qochgan. Yangi tashkilot ustidan navbati bilan beshta tashkilotga shikoyat yozishgan. Yuqori tashkilotlardan kelgan tekshiruvchilar arzirli kamchilik topolmagan, lekin har gal ishchilar vaqtini olgan, kayfiyatini buzgan. Natijada ishchi o‘rni 100 nafardan 20 nafarga qisqargan.

Yo‘q, men kimningdir tarafini olmoqchi emasman. Lekin tuman hokimligi yoki shu ishga ruxsat bergan irrigatsiya tizimi boshqarmasi maxsus komissiya tuzib, masalani joyida o‘rgansa, soliq va kadastr xizmatidan vakil chaqirib, birgalikda maslahat qilsa, shuncha ovoragarchilikka chek qo‘yilmasmidi? Ming afsuski, hali ayrim tashkilotlar muayyan muammoni o‘rganishda bir-biriga bosh qo‘shmaydi yoki tomoshabin holatida turadi.
Balki prokuraturaning tegishli bo‘limi "Yer kodeksi" va unga daxldor boshqa qonun va me’yoriy hujjatlar ijrosidagi qonuniylikni o‘rganib, bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etishga yordam berar.