Hoji Muin - jurnalist, shoir, dramaturg va tarjimon
O‘tgan asr milliy uyg‘onish davri Samarqand adabiy muhitida samarali ijod qilgan ijodkor Hoji Muin Shukrullo o‘g‘li 1883 yil 15 martda Samarqand shahrining Ruhobod mavzeida tug‘ilgan.
Rus tilini, Evropa madaniyatini mustaqil o‘zlashtirgan. 1903 yili o‘z mahallasida usuli jadid maktabi ochgan. Ilg‘or jadid muallimi sifatida tanilgan. «Rahnamoi savod» alifbe darsligini yozgan.
U «Nahif» (Ojiz), «Mehriy» taxalluslari ostida ijod qilgan. 1913 yildan Behbudiyning “Samarqand” gazetasida va “Oyna” jurnalida ishlay boshlagan. 1914 yili “Tarbiyat” nomi bilan o‘z uyida yana bir bor xususiy usuli jadid maktabi ochgan.
Hoji Muin 1910 yillardan boshlab o‘zbek va tojik tilidagi she’r va maqolalari bilan matbuotda ko‘rina boshlaydi. 1914 yili “Guldastai adabiyot” she’riy to‘plami bosilib chiqadi. 1917 yildan Abdurauf Fitrat bilan birga “Hurriyat” gazetasida faoliyat ko‘rsatadi.
1918 yil 11 iyunida “Mehnatkashlar tovushi” gazetasini yo‘lga qo‘ydi. Unda mas’ul muharrir bo‘lib ishlaydi. 1922 yildan “Zarafshon” gazetasining tahrir hay’atida, 1924 yilning 1 iyunida “Mashrab” kulgili jurnaliga asos soladi va faoliyat yuritadi. 1926 yili “Ovozi tojik” gazetasiga adabiy xodim va musahhih bo‘lib o‘tadi.
Hoji Muin 1938 yil 24 yanvarda nohaq hibsga olinadi va NKVD qoshidagi uchlik hukmi bilan o‘n yilga qamaladi. Hukmni o‘tash chog‘ida halok bo‘ladi.
Quyida ijodkorning “Zarafshon” gazetasining 1923 yil, 27 oktyabrdagi sonida bosilgan dolzarb maqolalaridan birini e’tiboringizga havola qilamiz.
***
Samarqandda matbuot ahvoli
Men bundan burun bir munosabat bilan “Qizil bayroq” gazetasida “Samarqandda matbuot ishlari” unvoni bilan bir maqola yozib, unda Samarqand matbuotining kechirgan hollaridan bir oz ma’lumot bergan edim. Bu daf’a moddiy va ma’naviy jihatdan to‘liq yo‘sinda birinchi qatla shahrimizda chiqa boshlag‘on “Zarafshon” gazetasida yana shu mavzuda bir oz yozmoqchi bo‘ldim.
Samarqandda fevral o‘zgarishidan keyin bir marta Samarqand ziyolilari tomonidan “Hurriyat” gazetasi chiqarila boshlag‘on edi. Bu gazeta ma’naviy jihatdan va moddiy jihatdan ta’min etilmagan bo‘lsa-da, xalq tomonidan suyub o‘qilur edi. Chunki ul gazeta xalqning ahvoli ruhiyasiga qarab borar edi. Ul to‘xtalg‘onigacha mingdan oz bosilmag‘on edi. O‘ktabr o‘zgarishidan keyin “Hurriyat” gazetasi, bir yoqdan, hukumatning qisishi bilan o‘zining hurriyatini yo‘qota boshladi. Ikkinchi yoqdan, moddiy jihatdan ham og‘irlikda qoldi. Shuning uchun to‘xtalurga majbur bo‘ldi. Uning o‘rnida hukumat tomonidan “Mehnatkashlar tovushi” gazetasi chiqaruldi.
Bu gazeta rasmiy bir gazeta bo‘lg‘oni uchun tabiiy, bir yoqdan, hukumatning buyruqlarini bostirar va xalq bilan hukumatni bir-biriga yaqinlashturmoq uchun tirishar edi. Boshqa yoqdan, xalqning uyg‘onishini, inqilobdan foydalanmog‘ini ham ijtimoiy jihatdan tuzalmagini ko‘zda tutib jiddiy, hajviy va tanqidiy maqolalar yozar edi. Bu jihatdan ba’zi hukumat boshida turg‘on mansabparast kishilar yoki mustamlakachi bolsheviknamolarning saoyati va hujumiga uchrasa ham, ul senzur yo‘qlig‘indan istifoda etib, o‘zining tutgan maslakidan ayrilmay turdi. O‘shal vaqtlarda Toshkandda chiqaturg‘on “Ishtirokiyun” gazetasidan ko‘proq bizning “Mehnatkashlar tovushi” suyulib o‘qilur edi. Chunki kerak til, sheva va kerak maslak jihatidan bu ikki gazeta orasida hiyla ayirma bor edi.
Bu gazeta bir necha oy (1918nchi yil oxirlari va 19nchi yil boshlarida) o‘shal vaqtdagi matbuot mudirasi Brodskaya degan mustamlakachi bir xotinning qisishi ostida qolg‘on bo‘lsa ham, lekin “Milliy ishlar idorasi”g‘a o‘tgandan so‘ng aning changalidan qutulg‘on edi.
Bu gazetaning bir oz yaxshi davom qilg‘on choqlari 1920nchi yil oxirlarigachadir. Bu muddatda kog‘oz qahatlig‘i uncha sezilmasa ham, lekin qog‘oz uchun ba’zi rus millatchilari mustamlakachilik yo‘lini tutar edilar. Ruscha gazetani doimo qog‘oz va boshqa jihatlardan ta’min etib kelganlari holda musulmon gazetasiga lozimicha ahamiyat bermaslar edi. Buning uchun esimda qolg‘on yolg‘iz bir voqeani yozib o‘tay, shoyad o‘quvchilar shunga qarab bu haqda o‘zlaricha bir hukm chiqara olurlar.
1919nchi yilda (oyi esimda qolmag‘on) poligrafichiskiy otdelning ruscha gazetasiga 250 pud qog‘oz berganligini eshitib, biz ham yozib, musulmon gazetasi uchun qog‘oz so‘radik. Mazkur idora boshlig‘i ma’lum bir rus bizga taxminan 70-80 pudgina qog‘oz bermakchi bo‘ldi. Biz bunga ko‘nmadik. Ul mundan ortiq bermadi. Biz o‘shal vaqtdagi “Musulmon byurosi”ga murojaat qilib voqeani anglatdik. Bu ishga ani vosita qildiq. Poligraf bo‘lsa, byuromizning murojaatini ham iltifotga olmadi. Biz “Musulmon byurosi”ning zohiran ko‘z bo‘yov uchungina tashkil etilgan nafsiz va e’tiborsiz bir idora ekanligini o‘shal chog‘da bilib oldiq. So‘zning qisqasi, oxiri umidsizlanib 125 pud qog‘ozga rozi bo‘ldiq. Qabul yetmadi-da, talosh-tortishimizga qarshi: “Siz musulmonlar ham har vaqt o‘zingiz qog‘oz fabrika ochib, qog‘oz chiqarsangiz, so‘ngra tilaganingizcha qog‘oz ola bilursiz”, deb javob berdi. Biz ham bu to‘g‘rida so‘z uzaytirishning foydasizligini bilib 70 pudgina kog‘ozga qanoatlandik. Mana, mustamlakachilarning bizga qarshi qilg‘on muomalalaridan bir misol!..
1918-19nchi yillarda “Mehnatkashlar tovushi” uch mingdan ziyod, ikki mingdan oz bosilmadi. Va aksariyat ila haftada ikki da’fadan kam chiqmadi. Gazetada ishlaguvchi muharrir va tarjimonlar ham 19nchi yilning oxirlarigacha oyliqdan boshqa qalam haqi olmadilar. To‘g‘risi, tahrir haqi olmoqqa haqlarini borlig‘ini ham bilmadilar. Olaturg‘on vazifalari loaqal bir haftalik maishatlarini ta’min yetmasa ham, lekin kitob va boshqa narsalarini sotib yeb, xizmatlarini davom eetturdilar. Bu yo‘lda masohala yetmadilar.
Gazetaning muntazam chiqmay oqsab qolishiga yana bir necha sabab bor edikim, biri huruf, ikkinchisi hurufchin (naborshik) masalasidir. Bosmaxonada to‘rt betlik gazetaga yetarlik miqdorda musulmoniy huruf yo‘q edi. Bori ham aksar vaqt hukumat siporishlariga ishlatilib, gazetaning tartibli chiqishig‘a mone’ bo‘lur edi. Hurufchinlarg‘a kelsak, bular ham tabiiy, maishat balosig‘a giriftor edilar. Olaturg‘on oyliklari loaqal joy vatanlarini ta’min yetmaganligi uchun bu bechoralar ham ishdan qochar edilar. Biz alarni axtarib topib, hukumatning kuchi bilan zo‘rg‘a ishlatar edik. Bu ham albatta gazetaning davomiga sakta berar edi.
Huruf uchun bu muddatda necha martaba markaz (Toshkand)gacha murojaat qilg‘on bo‘lsak ham natijasiz qoldi. Quruq va’da va suchuk so‘zlardin boshqa foyda ko‘rmadik.
Mana, Samarqandda “Mehnatkashlar tovushi”ning 18- 19- 20-yillarda kechirgan umrlari. Gazetaning 21-22-yillarda o‘tkazgan hollarini kelasi maqolada yozsam kerak. Shuni ham bilmak kerakkim, men bu so‘zlarni “So‘ngg‘i vaqtlarda Samarqandda nima uchun matbuot tanazzul qildi, ammo Toshkandda taraqqiy qilayotibdur?” degan savolning javobi uchun muqaddima tariqasida yozdim. Bu taraqqiy va tanazzulning tub sabablari gazetaning kelasi sonlarida yozilur.