Hokim endi Kengashni boshqarmaydi yoki Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlarni bilasizmi?

Ayrimlarda hamon “Nega Konstitutsiyaning yangi tahriri”, deyilishi haqidagi savolga o‘rinli javob yo‘q. Avvalo, Asosiy qonun qayta qabul qilinmaganini 8 dekabr - Konstitutsiya kuni sifatida nishonlanayotganidan ham anglash mumkin. Unga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar shu paytgacha amalga oshirilganlaridan ko‘lami katta. Zotan, Bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi.

Shu bois, joriy yil 1 maydan 60 foizdan ko‘proq yangilangani uchun yangi Asosiy qonunimiz kuchga kirdi. Xo‘p, asosiy o‘zgarishlar nimalar?

Bunda birinchi navbatda Konstitutsiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan bo‘lganinini aytib o‘tish lozim.

Chunki, 15-moddada “O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi”, deb belgilab qo‘yildi.

Aytish mumkinki, bu fuqarolarga nafaqat qonunlar, balki bevosita konstitutsiyadagi normalarga asoslangan holda ish olib borishga, xususan, sudga murojaat qilishga imkon berdi.

Qayd qilingan tamoyil asosida Oliy sud tegishli Plenum qarorini qabul qildi. Bu qaror asosida sudlar tomonidan konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi hujjat sifatida qo‘llash yuzasidan yagona sud amaliyoti joriy etildi.

Yana bir muhim o‘zgartish barcha noaniqliklar inson foydasiga hal etilishi bo‘ldi.

Chunki Bosh qomusimizda “Insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas ...” ligi hamda

“... Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi”, degan norma mustahkamlandi.

Bu esa qonunchilikda aniq belgilab qo‘yilmagan masalalarda ziddiyat yuzaga kelsa, masala davlat emas, inson foydasiga hal etilishini bildiradi. Shuningdek, turli hujjatlarni yuritishda davlat organlari tomonidan xato-kamchilik o‘tgan taqdirda ham vaziyat fuqaro foydasiga hal etilishi kerak.

Albatta, o‘qituvchilar haqida alohida modda qo‘yilgani, OAV faoliyatiga to‘sqinlik qilish javobgarlikka sabab bo‘lishi hamda davlat boshqaruvidagi o‘zgarishlar haqida ham uzoq to‘xtalish mumkin. Misol uchun, viloyatlarda va Toshkent shahrida 2024 yilgi deputatlik saylovlari yakunlari bo‘yicha hokimlarning kengashlarda raislik qilishiga barham beriladi.

Tuman va shaharlarda esa bu amaliyotga 2026 yil 1 yanvardan kirishiladi.

Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas. Qolaversa, qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Umuman olganda, Konstitutsiya nafaqat o‘qish, balki uqib, undan amalda foydalanishga loyiq – Asosiy qonunga aylangan.

Furqat Anorov,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.