Hokim qabuliga kirish osonmi? Jomboy tumani hokimi Qayum Sobirov bilan bugungi kun umidli va tashvishli masalalari haqida suhbat

Jomboyda odamlar farovon bo‘lishi uchun nima qilish kerak? Nima bizga umid beradi? Iqtisodiy-ijtimoiy hayot qay tomonga o‘zgarmoqda? Taraqqiyotda moddiy manfaatdorlikning o‘rni qanday? Hokim stipendiyasi kimlarga beriladi?..

Shu va boshqa turli mavzulardagi savollar bilan Jomboy tumani hokimi Qayum Sobirovga murojaat qildik. Bir qator noodatiy mavzularda hokimning shaxsiy mulohazalari va qarashlari bilan qiziqdik.

- Bugungi kunda tuman, shahar, jumladan, Jomboy tumani hokimi qabuliga kirish osonmi, qiyinmi?

- Tumanga hokim bo‘lib ishga kelgan vaqtlarimda ma’lum muddat o‘tib bir narsani sezib qoldim - yordamchim qabulimga kelgan ancha-muncha odamni kiritmas ekan. O‘sha kundan boshlab yordamchim, o‘rinbosarlarim, umuman, hokimlikdagi barcha xodimlarga bu bo‘yicha qattiq talab qo‘ydim: hokimlikka kim bo‘lishidan, qaysi masalada kelishidan qat’iy nazar, u hokimga muammo qo‘ymoqchimi, demak, hokim oldiga kirishi shart. Kunning qaysi qismi bo‘lishi ham muhimmas, o‘zim shu yerda bo‘lsam, albatta, qabul amalga oshishi kerak. Shu ishni yo‘lga qo‘ydik. Odamlar asosan qaysidir muammoni ko‘tarib keladi. Lekin muammodan qochish, yashirish, xaspo‘shlash yechim emas.

- Sizni nima tashvishga soladi?

- Shu jamiyatning a’zosi sifatida meni ko‘pdan buyon bir narsa tashvishga soladi: odamlardagi loqaydlik. Bu faqat Jomboyda emas, hamma joyda bor. E’tibor bering, ayniqsa, shu kecha-kunduzda ko‘chadan o‘tsangiz choyxonalar oldida, mahalla markazlarida ko‘pchilik to‘planib o‘tirganiga guvoh bo‘lasiz. Hovliga qarasangiz bir ahvolda, uyiga kirsangiz achinarli holat... Bundan tashqari, to‘ylarimiz, hatto aza marosimlarida ham ilgari bo‘lmagan urf-odatlar ko‘payib ketdi. Bu narsalar har doim meni inson sifatida ham, rahbar sifatida ham tashvishga soladi.

- Nima umid uyg‘otadi?

- Odamlar keyingi yillarda o‘z sharoitini yaxshilashga alohida e’tibor bera boshladi. Mana, o‘tgan yili ikkita qishlog‘imiz dasturga tushib obod bo‘ldi. “Qovun-qovundan rang oladi” degan naql bor-ku. Kimdir davlat tomonidan qurib berilgan uylar, sharoitlarni ko‘rib, kimdir o‘z qo‘shnisini ko‘rib oilasi uchun kerakli sharoitlarni qila boshladi. O‘zim ham xonadonlarga kirganda “ayollarga sharoit yarataylik, uyingizda ariston bo‘lsin” deb aytaman. Aholini o‘zida shu narsalarga harakat boshlangani xursand qiladi, yoshlarimizdagi harakatchanlik ham menda umid uyg‘otadi.

- Bugungi faoliyatingizdan ko‘nglingiz to‘ladimi?

- Ko‘nglim to‘ladi, desam, noto‘g‘ri bo‘ladi. Hech qachon ko‘nglim to‘lmaydi qilayotgan ishimdan. Agar biz ishimizdan ko‘nglimiz to‘lib, maqtovga uchib salgina havolansak, tamom bo‘lganimiz shu.

- Nima qilsak Jomboyda kambag‘al qolmaydi?

- Jomboyda kambag‘al odam bo‘lishi mumkin emas, agar biz bor imkoniyatlardan foydalansak. Kambag‘al bo‘lishi mumkin, agar u tug‘ma nogiron bo‘lsa yoki boshqa bir sabab bilan imkoniyati cheklangan bo‘lsa, shunda uni tushunish mumkin.

Lekin aksariyat aholimiz boy bo‘lmasa ham o‘zini o‘zi eplaydigan sharoit bor Jomboyda. 55 ming gektar yer maydonimiz bor, aholida 6,5 ming gektar tomorqa bor. Tomorqadan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yolsak odamlarimiz kambag‘al bo‘lmaydi.

- Tumanda besh yil oldin soliq tushumi qanday edi, hozir qanday?

- Bu yerga kelishimdan oldin, 2019 yilda Xitoyga borgandik. Xitoylik mutaxassislarga “Sizlarda byudjetni kim nazorat qiladi”, deb savol berdim. Ular yelka qisib hayron qoldi: “Nima uchun byudjetni nazorat qilishimiz kerak? Biz uning ishlatilishini, xarajatni nazorat qilishimiz kerak” deyishdi. U yerdagi sharoit, taraqqiyot darajasini ko‘rib mantiqan xulosa qildik. Agar tizim bo‘lsa, byudjetni nazorat qilish kerakmas. Masalan, avtobusda naqd pul ishlatmaysiz, kerakli qurilmalar bor, plastik kartochkani bir tekizib o‘taverasiz, metro, taksilarda ham shu tarzda belgilangan pul yechib olinadi va o‘z-o‘zidan bankka borib tushadi pul. Hech qanday nazoratga hojat yo‘q. Raqamli iqtisodiyot mana shu, hech kim qo‘liga naqd pul olishga hojat yo‘q, yashirin iqtisodiyotning o‘zi yo‘q. Shunday bo‘lgach, uni nazorat qilish ham shart emas.

Bizda 2021 yil 104 milliard so‘m soliq tushumlarimiz ko‘zda tutilgan bo‘lsa, bu to‘liq bajarilgan. Yoki eskport rejamiz 29 million AQSh dollari edi, amalda 30 million dollardan oshgan. Biroq biz raqamlar ortidan quvmaymiz. Reja belgilash va bajarish bilan ish to‘la-to‘kis sifatli bo‘lmaydi. Manbalarni ko‘paytirishga harakat qilishimiz kerak.

Lekin bu eksport ko‘rsatkichlarimiz meni umuman qoniqtirmaydi. Qolaversa, bankdan tashqari pul aylanmalari ham ko‘p. Sanoat korxonalariga boramiz, yuzlab odam ishlaydi. Lekin hisobotiga qarasangiz atigi 4-5 kishi rasman ishlayapti. Soliqlardan qochyapmiz.

- Eslasangiz, bir vaqtlar, fermerlar, tadbirkorlarning hisob raqamidagi pul o‘zining ruxsatisiz yechib olinardi. Hozir ham bormi shu holat?

- Bor. Ba’zi joylarga borib fermerlar bilan gaplashsam, xuddi men ertak aytayotgandek, ensasi qotgan holatlar bo‘lgan. Yaqinda tuman markazidagi ofislardan biriga kirdim. Bir odam o‘tiribdi, hisobchi ekan. “Buxgalteriya markazining bugalteriman” dedi. Ishonasizmi, o‘tirgan ish stolining bitta tortmasida 25 ta, yana bir tortmasida 30 ta pechat bor. IIB, soliq, tegishli tashkilotlar vakillarini chaqirdik. Bu pechatlar fermer xo‘jaliklariniki ekan. Fermerlar buxgalteriyasini o‘zi yuritmasdan pechatini berib qo‘yibdi. Bu hisobchi nima qiladi keyin? Xoxlagan joyiga ko‘chiradi-da pulni. Bankda ishlayotganlarning hammasi to‘g‘ri ishlaydi, deb o‘ylaysizmi? Kim bilandir kelishadida, ma’lum bir foizi evaziga kimnidir oliy o‘quv yurti uchun to‘lov kontrakt-shartnomasiga o‘tkazadi yoki kimningdir to‘lanmagan kreditiga fermerning pulini o‘tkazib turadi yoki boshqa biror tashkilotga o‘tkazib harom-harish ishini amalga oshiradi.

- Jomboyda “Hokim stipendiyasi” tashkil etilgan edi, qanday natijalar bo‘ldi?

- Hokimlik faoliyatimning dastlabki oylaridan shu loyihani amalga oshirib kelyapmiz. O‘zi ko‘p emas, oylik maoshimdan har oy 1 million so‘m o‘quvchilarga ajrataman. Meni quvontirgan narsa shuki, o‘tgan yil stipendiya olgan o‘quvchilarning hammasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Stipendiya olgani uchun emas, bu rag‘batlantirishga o‘quvchilarni to‘g‘ri tanlaganimizni bildiradi.

Anvar Mustafoqulov suhbatlashdi.

 (Suhbatning to‘liq variantini youtube sahifamizda ko‘rishingiz mumkin)