"O‘zi eshigimizni taqillatib keldi": Hokim yordamchisining ko‘magi bilan Kamola oyoqqa turyapti
Bundan o‘n to‘qqiz yil avval Narpayning chekka Obihayot mahallasida yashovchi Sanaqulovlar oilasida birinchi farzand - qizaloq dunyoga keldi. Chaqaloq harakat tayanch a’zolarida nuqsoni bilan tug‘ildi.
Uning sog‘lom kamolga yetishini istab, Kamola deb ism qo‘yishdi. Ota-onasi uning sog‘ayib ketishi uchun davolatdi. Ammo qizaloqning dardiga davo topilmadi – yura olmadi. Kamolaning ortidan yana ikki farzandli bo‘ldi. Ular sog‘lom dunyoga keldi.
- Boriga shukur qilib yashab kelyapmiz, - deydi Kamolaning onasi Zilola Narziyeva. – Shu qizimning nogironligi sababli uzoqqa chiqib, ishlolmasdim. Ammo ro‘zg‘or tebratishda turmush o‘rtog‘imga yordam berishni chin dildan istardim. O‘tgan yili mahalla faollari holimizdan xabar olish uchun kelganida tomorqada ishlayotganimni ko‘rib, subsidiya asosida issiqxona qurib berilishi mumkinligini aytishdi. Bu taklifni jon deb qabul qildim. Shu yilning yanvar oyida qishloqdosh ukamiz Abbosjon eshigimizni taqillatib keldi. U mahallamizda hokim yordamchisi sifatida ish boshlaganini, nima muammomiz bo‘lsa qo‘lidan kelgancha yordam berishi mumkinligini aytdi. Men esa hech qanday muammomiz yo‘q, dedim. Nogiron qizim Kamola bilan ham uzoq suhbatlashdi. Uning orzulari haqida so‘radi va unga tez kunda oyoqqa turishi, qo‘llari ham harakatga kelishini aytdi. Qizim bundan juda xursand bo‘ldi.
Darhaqiqat, joriy yil boshida mahallada hokim yordamchisi vazifasida ish boshlagan Abbosjon Murodov dastlab xonadonma-xonadon yurib, muammolarni o‘rgandi va ularga yechim topishga kirishdi. Jumladan, Kamolaga ham yordam berishni chin dildan istadi. So‘rab-surishtirib, poytaxtdan aynan shu qizda mavjud kasalliklarni davolovchi shifokorlar bilan telefon orqali bog‘landi. Ular bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, xulosa berishi mumkinligini aytgach, Kamolani onasiga qo‘shib Toshkentga yubordi.
- Juda xijolat bo‘ldim, - deydi Kamolaning onasi. – Toshkentga borib-kelish xarajatlarimiz hokim yordamchisining birinchi oyligidan qoplandi. Poytaxtga borib, Abbosjon gaplashgan shifokorga uchradik. U ham qizining oyoqqa turib ketishi mumkinligini, buning uchun operatsiya qilish kerakligini, qolgan gaplarni hokim yordamchisi bilan maslahatlashishini aytdi.
Endi operatsiya uchun ko‘p miqdorda pul kerak. Bu masala qanday yechim topadi, hali noma’lum edi.
- Qizim bilan qishloqqa qaytdik, - deydi ona ko‘ziga yosh olib. - Nogironlik aravachasida o‘tirgan farzandimning shu paytgacha qo‘llari to‘liq harakatlanmasdi. Faqatgina barmoqlaridagina jon bor edi, xolos. Toshkentdan qaytganimizning ertasi kuni mo‘’jiza yuz berdi. Qizim aravachasining g‘ildiraklarini o‘z qo‘llari bilan yurgiza boshladi.
Hali hech qanday muolaja qilinmasdan, ikki og‘iz shirin so‘zga Kamolaning qo‘llari harakatga keldi.
- Abbos aka biznikiga kelib, meni tuzalib ketishim mumkinligini aytganda oyoq-qo‘llarimga kuch kirganday bo‘lgandi, - deydi Kamola. – Ammo ishonmay turgandim. Toshkentga borib, shifokorlardan operatsiyadan keyin yurib ketishim mumkinligini eshitib, xursand bo‘ldim. Bir kuni tashqarida aravachada o‘tirib, g‘ildiraklarni harakatlantirib ko‘rdim. Uddalaganday bo‘ldim. Shu paytgacha qo‘llarimni ko‘tarolmasdim, hovli supurayotgan onamga qarab ikki qo‘limni ko‘tarib, bu yoqqa keling deganday ishora qildim. U yugurib keldi. Undan pul so‘radim, faqat hech kimning yordamisiz, do‘konga borib, u-bu narsa olib kelishimni aytdim.
Bu gapni eshitgan hokim yordamchisi juda katta xayrli ishga qo‘l urganligini his qildi va toshkentlik shifokor aytgan pulni topish yo‘llarini qidirdi. U Kamolaning oilasini “Temir daftar”ga kiritdi. Tuman hokimiga bo‘lgan voqeani gapirib berdi va “Saxovat va ko‘mak jamg‘armasi” mablag‘idan shu qizning davolanishiga mablag‘ ajratilishi zarurligini bildirdi. Uning tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Muvaffaqiyatli o‘tgan jarrohlik amaliyoti va kerakli muolajalardan so‘ng ikki bukilib, bir-biriga yopishib turgan oyoqlar ham jonlana boshladi. Kamola hozirda nimagadir suyanib bo‘lsa-da o‘z oyoqlarida tura olyapti.
- Endi butunlay tuzalib ketishimga ishonyapman, - deydi u qat’iyatlik bilan. - Sog‘ayib ketsam, tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman. Ota-onamning 20 yil men sabab boshidan kechirgan qiyinchiliklarini unuttirishga harakat qilaman. Avtomashina sotib olib, ularni sayohatlarga olib boraman. Ko‘chamizni asfalt qildiraman. O‘zim kabi aravachada yurganlarga dalda bo‘lib, ularning sog‘ayib ketishlariga ko‘maklashaman.
Hokim yordamchisi xonadonga kirib borib, hol so‘ramaganida bu xayrli ishlar boshlanarmidi?! Sababi Kamolaning onasi shu paytgacha birovdan yordam so‘rab bormagan.
- Yolg‘on bo‘lmasin, yaqinda bir marta sayyor qabulga bordim, - deydi u kulib. - Rahbarlar mendan qanday muammolarim borligin so‘radi. Men esa hech qachon sayyor qabullarga muammo bilan kelmasligimni aytdim. Shu kuni rahbarlarga, ular orqali mamlakatimiz Prezidentiga minnatdorlik bildirish istagida kelganimni aytdim. Sayyor qabulda oilada, hech bo‘lmasa mahallada hal etilishi mumkin bo‘lgan arzimas muammolari bilan kelgan boqimandalik kayfiyatidagi odamlarni ko‘rdim. Rahbarlarga rahmat aytib, qizimning to‘liq sog‘ayib ketishi uchun duo qilib turishlarini so‘radim, xolos.
Biz ham Kamolaning oyoqqa turib ketishiga, ko‘zlagan maqsadlariga yetishishiga ishonamiz. Narpay tumani Obihayot mahallasida hokim yordamchisi vazifasida faoliyat olib borayotgan Abbos Murodov kabi fidoyilar safi kengayishini istaymiz.
To‘lqin Siddiqov,
Husan Eltoyev.