Hokimlarga ham oson emas ekan...

Kecha Samarqand shahar hokimiyatida bir ishning muhokamasida qatnashib, shunga amin bo‘ldim. Bir filmdagi mana bu gap esimga tushdi: “Shoh, shoh deysizlar, biz, shohlarga ham oson emas...”

Samarqand shahrida eski, pastqam, ko‘rimsiz binolar buzilib, o‘rniga ko‘rkam, baland, zamonaviy binolar qurilayotganidan xabaringiz bor. Ana shunday buzilayotgan uylardan birida yashayotgan fuqaro “Xabar.uz”, “Kun.uz”, “Daryo.uz”, “Nuz.uz” kabi internet nashrlar, shuningdek, davlat gazetalariga ham bir yo‘la murojaat qilib, o‘zining huquqi buzilayotganini bildirdi.

Biz borib, o‘sha uyni ko‘rdik. Shikoyatchi, uning akasi va yana bir kishidan boshqa hamma uydan chiqib ketgan, bu uchalasi esa quruvchi tashkilotning loyihasi, qurilish smetasi, shaharsozlik boshqarmasining ruxsati, o‘t o‘chiruvchilarning ruxsati kabi hujjatlarni ko‘rsatishini talab qilib, uydan chiqmayotgan ekan. Eng muhimi, ularni uydan chiqarish to‘g‘risida shahar, viloyat, hatto O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi qarori chiqarilgan, majburiy ijroga ham berilgan ekan. Ammo majburiy ijro byuro ijrochilari ham ularni uylaridan chiqara olmayotgan ekan.

Biz ikkinchi tomonni ham tingladik. 20 dan ortiq boshqa yashovchilarni bir yil oldin uylaridan chiqargan quruvchi ularning har biriga kelishuv bo‘yicha, oyiga 1 million so‘mdan ular vaqtincha yashab turgan uylarning ijarasi uchun to‘lab beribdi. Hali uy qurilib bo‘linguncha kamida yana ikki yil shunchadan to‘lashini ham aytdi. Bir yilning o‘zida hali qurilishi tugal buzilmagan uyning yashovchilariga to‘lagan puli 1 milliard so‘mdan oshibdi.

Rostdan bu uch oila uydan chiqmay o‘tiraversa, quruvchi har tomonlama yutqazadi. Har bir oy uchun uy egalariga ijara pullarini to‘layotgani kamlik qilgandek, qurilish jihozlari ham qimmatlashib boraveradi, xizmatlar haqi ham oy sayin oshib ketaveradi.

Eng yomoni, quruvchining joniga tegib, shu uyni qurmayman, kechdim, deb ketib yuborsa, uylarini buzib, aqalli bitta “rozetka” qoldirmasdan hamma narsasini sug‘urib olib, uydan chiqib ketganlar yomon yutqazadi. Qaytib, uylarini yana uy qilgunlaricha shu uyning pulicha pul sarflashadi.

Ana shularni o‘ylab, ikki tomonning ham manfaatlariga zid kelmaydigan bir yechim topish uchun Samarqand shahar hokimi F.Rahimovga murojaat qildik va hokim ikkala tomonni, uylaridan chiqib ketgan barcha yashovchilarni, shuningdek, shikoyatchilar murojaat qilgan barcha OAV muxbirlarini hokimiyatning majlislar zaliga yig‘di. Biz tomondan “Xabar.uz”, “Daryo.uz”, “Nuz.uz” muxbirlari, “Samarqand” gazetasi muharriri ishtirok etdik.

– Kamida uch soat davom etadigan janjalga asablaringni tayyorlab olinglar, – dedi hokim.

– Yo‘g‘-ey, mana ko‘rasiz, biz aralashsak, birpasda hal qilamiz, – deb katta gapirdik.

– Men bu masala yuzasidan to‘rt marta hammani yig‘ib, kelishib olishga harakat qilganman, ammo 4-5 soatlab cho‘zilgan bu uchrashuvlarning birortasida bir yechimga kelishilmagan.

Muzokaralar boshlangach, hokim bekorga bu gapni aytmaganiga amin bo‘ldik. Roppa-rosa uch soat davom etgan yig‘ilishda odamlarimizning ko‘pchiligini aql emas, ehtiros boshqarayotganiga guvoh bo‘ldik. Hamma gapirsam, deydi. Birovni eshitmasam, deydi. Faqat mening aytganim bo‘lsa, deydi. Hamma o‘r, hamma o‘jar...

Shikoyatchilarning ikkitasi bilan bir kun oldin o‘zim kelishib olgan edim: “Uyimizga teng kuchli shunday boshqa uy olib bersin, chiqib ketamiz”, deyishgandi. Bugun esa o‘sha gaplaridan qaytib o‘tirishibdi: “Uydagilar bilan maslahat qildik, bu ahdimizdan qaytdik”.

Shikoyatchilarning uchinchisining talablari hammasidan oshib tushdi. U uyining bir xonasini do‘kon qilgan ekan. O‘zi ikki xonali uyda turib, uning ham bir xonasini do‘kon qilib olgan kishi “100 ming dollar turadigan hovli va bozordan bitta do‘kon olib bersa, chiqaman”, deydi. Uy bitguncha chiqib turadigan bo‘lsam, o‘zimga 1,5 million so‘mdan ijara puli va do‘konimdan topadigan foydam hisobiga oyiga yana 1,5 million so‘mdan, jami har oyda 3 million so‘mdan berib tursa, chiqib turaman”, dedi.

Quruvchi esa 100 ming dollarlik hovli olib berish talabini eshitib, hushidan ketib qolayozdi. 3 million so‘mdan to‘lashga ham rozi bo‘lmasligini aytdi.

Bu talabni eshitgan boshqa yashovchilar ham talab qila boshlashdi:

– Bizga ham oyiga 3 million so‘mdan bersin unda! Yo bular ham chiqsin yoki uyimizni ta’mirlab berib, bizni ham o‘z uyimizga qaytarishsin!

Uydan chiqqan yashovchilar chiqmayotgan yashovchilarni sudga berishlarini aytib, dag‘dag‘a ham qilishdi orada.

– Davlat tomonidan tayinlangan baholovchilar borib, uylaringni baholasin, o‘sha narxni berib, quruvchi sotib olsin, – dedi toqati toq bo‘lgan hokim.

Kadastr hujjatida ko‘rsatilgan o‘lchovlar bo‘yicha baholanganda uylari quruvchi taklif qilayotgan puldan ham kam baholanishini bilgan uy egalari bunga ham ko‘nishmadi.

– O‘z tanishlaringni olib kelib, baholanglar, ular necha pul beraman, deyishsa, shu pulni beraman, – dedi quruvchi. – Dallol olib kelib, baholatinglar, unga ham roziman.

Uy egalari bunga ham ko‘nishmadi. Ular qayerdan olishgan, bilmadik, hammasining og‘zida “100 ming dollar”. 2-3 xonali uylari uch-to‘rt baravar arzon turishlarini o‘zlari ham bilishsa-da, vajlari ham o‘rinli: “Biz tayyor, 30 yil yashagan uyimizni, ayrimlarimiz o‘z tug‘ilgan uyimizni tashlab chiqayapmiz-ku?”.

Xullas, shikoyatchilar u desak, bu, bu desak, u deyishib, na bizga quloq solishdi, na hokimga. Uch soatlik chegara ostonasida hokim boshqa ishlari ham borligini aytib, oxirgi so‘zini aytdi:

– Ko‘rdilaringizmi, bu ish hal bo‘lmaydi, endi majburiy ijro xodimlari Oliy Sud qarori bo‘yicha ish ko‘raverishsin!

– Shoshmang, yana bir urinib ko‘raylik! – dedik biz, jurnalistlar.

Ikki tomonni ham birozdan yon bosishga undab, o‘rtacha, har bir tomon manfaatiga zid kelmaydigan taklifimizni obdon o‘ylab, qabul qilishlarini so‘radik. Yana yarim soatcha tortishgandan so‘ng bunday ahdlashuvga erishdik: ikki shikoyatchining har biriga quruvchi uch xonali uy olib beradi, uchinchi shikoyatchiga esa oyiga 2 million so‘mdan berib turadi va u yangi uy qurilishi bitguncha uydan chiqib turadi. Bu ahdlashuvlarni qog‘ozga tushirib, yig‘ilish ishtirokchilari ham imzolari bilan mustahkamlashdi.

Shunday qilib, hali bu ahdlashuvni ham buzishmasa, uchtagina shikoyatchi va quruvchini bir kelishuvga ko‘ndirish uchun bir kunimiz ketdi. To‘rt soatga yaqin tortishdik.

Meni boshqa narsa o‘ylantirib qo‘ydi: Samarqand shahrida ulkan bunyodkorlik ishlari rejasi tuzilgan. Aeroportdan shahar markazigacha bo‘lgan yo‘l bo‘yidagi yuzlab eski uylar buzilib, o‘rniga bugungi kun talabi darajasidagi zamonaviy uylar qurilmoqda. Narpay ko‘chasida ham ko‘pgina uylar buzilib, zamonaviy inshootlar, ko‘p qavatli turar-joy binolari qurish ko‘zda tutilgan. Bu uylarda yashab turgan har bir fuqaro bugun biz guvohi bo‘lgandek, hech bir taklifga ko‘nmay, uyimdan chiqmayman, deb oyoq tirab turib olsa, nima bo‘ladi? Uylarning egasini rozi qilish quruvchi zimmasiga yuklatilgani ham hech kimga sir emas, ularning har biri tovuqning katagicha keladigan uylariga ham “100 ming dollarlik hovli olib berasan”, deb turishsa, quruvchi o‘zining uyini qayerdan topadi?

Shu savollarni o‘ylar ekanman, ko‘nglimdan shu o‘y o‘tdi:

– Hokimlarga ham oson emas ekan!

Karimberdi TO‘RAMUROD, Samarqand shahri.