Hozircha 355 million dollarlik investitsiya aniq

Yilning nomlanishidan ko‘rinib turibdiki, iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun faqat investitsiyalarni faol jalb qilishimiz, shu orqali boshqa muammolar, jumladan, to‘planib qolgan ijtimoiy masalalarni hal etishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Bu haqda Prezidentimizning Murojaatnomasida aniq rejalar belgilab berildi. Keng qamrovli iqtisodiy islohotlar negizida ochiq iqtisodiyot, sog‘lom raqobat, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu jihatdan bugungi kunda investitsiyalarni, ayniqsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qi­lish masalasiga hukumatimiz tomonidan alohida e’tibor berilyapti. Yaratilgan imkoniyatlar evaziga viloyatimizda bir qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, o‘tgan yili 58,3 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Hududiy dasturlar doirasida qiymati 2 trillion 421 milliard so‘mlik 1142 ta loyiha amalga oshirilib, 10 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Shuningdek, dastur doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya ishtirokida 29 ta loyiha uchun 31,4 million dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb qilindi va 1,5 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari ochildi. Masalan, Kattaqo‘rg‘on shahrida "Metall Solution Tech­nologies" qo‘shma korxonasi tomonidan qiymati 1,47 million dollarlik santexnik fitinglar ishlab chiqarish loyihasi tashkil etildi va 30 nafar mahalliy aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Urgut tumanida "Smart hygiene facilities" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 1,5 million dollarlik bolalar tagliklari ishlab chiqarish loyihasi hayotga tatbiq etildi va 35 ta ish o‘rni yaratildi.

2018 yilda xorijiy sarmoya ishtirokida 127 ta korxona tashkil etildi va ularning viloyatdagi umumiy soni 396 taga yetdi. Bu korxonalar tomonidan 5 505,4 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi.

2019 yilda viloyatimiz iqtisodiyotiga chetdan sarmoya kiritish va xorijiy investitsiya ishtirokida korxonalar tashkil etish, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlari tashkil etish ko‘lami yanada kengayadi. Jumladan, dastur doirasida qiymati 6 571,7 milliard so‘mlik 894 ta loyiha amalga oshirilishi va 16 845 ta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya ishtirokida 69 ta loyiha amalga oshiriladi va 355 million dollarlik investitsiya mablag‘lari o‘zlashtiriladi. Masalan, Samarqand shahridagi "Aziya metall prof" MChJda xitoylik ishbilarmonlar ishtirokida metalni ruh bilan qoplash, qayta ishlash va polmerizatsiyalashni tashkil etish loyi­hasi doirasida 16,5 mil­lion dollar, Turkiyaning "APEAS" kompaniyasi tomonidan besh yulduzli mehmonxona qurish bo‘yicha 20 million dollar, "Sino" aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tiklash, muzlatkich, kondi­sioner, kuzatuv kameralari, LED yoritish lampalari va kichik maishiy texnikalar ishlab chiqarish loyihasiga 5,5 million dollar o‘zlashtiriladi. Bundan tashqari, Samarqand tumanidagi "Intramed" MChJ (Hindis­ton)da zamonaviy klinika tashkil etish uchun 10 million dollar, "Agroma" kompaniyasi tomonidan (Gretsiya) qishloq xo‘jaligi asbob-uskunalarini ishlab chiqarish loyihasi uchun 4 million dollar, Ishtixon tumanidagi "Dong Stoun progress" xorijiy korxonasi (Xitoy)da tabiiy tog‘ konlarini qazib olish uchun 12,6 million dollar (Xitoy), Kattaqo‘rg‘on tumanidagi "Hengyuan Se­ment" (Xitoy) qo‘shma korxonasi tomonidan sement ishlab chiqarish uchun 50 million dollar (keyingi yillarda 290 million dollar) yo‘naltiriladi. Paxtachi tumanida esa "Beijing Xinshi­yuan Technology Development Company LTD" xorijiy korxonasi tomonidan zamonaviy issiqxona tashkil etiladi. 12 million dollarlik bu loyiha Xitoy investitsiyasi orqali amalga oshiriladi.

Investitsiyalar – mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini harakatlantiruvchi kuch. Ular yordamida iqtisodiyotning yuqori texnologiyalar asosida rivojlanishi qo‘llab-quvvatlanadi, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqariladi, yangi ish joylari yaratiladi.

 

 Farhod MAJIDOV,

viloyat investitsiyalar bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i.