Hudud obodligi, tozaligi barchaning e’tiborida bo‘lishi kerak

Xalq deputatlari viloyat Kengashining qirq oltinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.
Kun tartibiga Samarqand shahri va tumaniga tegishli masalalar ham kiritilgani sababli sessiyaga mazkur shahar va tuman Kengashlari deputatlari ham taklif etildi.
Dastlab viloyatni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush tarzi va ijtimoiy muhofazasini yaxshilash bo‘yicha ishlarni tashkil etish yuzasidan viloyat ikkinchi sektori rahbari, viloyat prokurorining 2021 yil to‘rtinchi choragi uchun ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi" hamda viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarorlar tasdiqlandi.
Shundan so‘ng Prezidentimizning 2020 yil 6 noyabrdagi “Davlat qarzi hisobiga amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining natijadorligini ta’minlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarning viloyatdagi ijrosi yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i O.Xodjayevning viloyatda xalqaro moliya tashkilotlari, jumladan, Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) ishtirokida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining bugungi kundagi holati to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.
Ta’kidlanishicha, viloyatda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokida energetika, kommunal hamda qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va turizm sohalarida umumiy qiymati 468 million dollarga teng bo‘lgan 12 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyihalar doirasida joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida jami 131,8 million dollarlik mablag‘lar o‘zlashtirilgan. Kelgusida “Abu Dabi taraqqiyot fondi”ning 300 million dollarlik kredit mablag‘lari hisobidan “Samarqand shahri ichimlik suv ta’minotini yaxshilash hamda avtomobil yo‘llari qurish va rekonstruksiya qilish, tunnel va ko‘priklar barpo etish” loyihalari bo‘yicha xalqaro tenderlar o‘tkazilib, bosqichma-bosqich ishlar amalga oshiriladi.
Samarqand shahridagi yo‘llarni kengaytirish, yangi ko‘prik va tunnellar qurish ishlari davom ettiriladi. Jumladan, Samarqand shahrini Qorasuv massivi bilan bog‘lovchi yo‘l kengaytiriladi. Gagarin va Rudakiy ko‘chalari chorrahasida tunnel, temiryo‘lorti hududida yana bitta ko‘prik quriladi.
Kun tartibidagi keyingi masalalar Samarqand shahri va tumanini obodonlashtirish, qattiq maishiy chiqindilarni chiqarish, qayta ishlash bilan bog‘liq bo‘ldi.
Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) ishtirokidagi “Samarqand shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishni modernizatsiyalash” loyihasi doirasida jalb qilingan mablag‘lardan samarali foydalanish holati to‘g‘risida “Maroqand Obod” DUK huzurida tashkil etilgan loyihani amalga oshirish guruhi rahbari N.Saidov hisobot berdi.
Hisobotda keltirilishicha, umumiy qiymati 45,018 million dollarni tashkil etadigan mazkur loyihani amalga oshirish doirasida shu paytgacha 10,959 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilgan. Buning hisobidan zarur texnika vositalari va boshqa jihozlar xarid qilingan. Eski poligonni yopish, sanitar poligon qurilishi, chiqindi saralash kompleksi qurilishi bo‘yicha loyihalash ishlari yakunlangan. Lekin loyihani bajarishda ayrim muammolar ham yuzaga kelayotgani ta’kidlanib, ularning yechim yuzasidan deputatlar va mutasaddi tashkilotlarga takliflar bildirildi.
“Maroqand Obod” va “Toza hudud” DUK rahbarlari Sh.Nasimov va Z.Yusupov Samarqand shahar va Samarqand tumanida maishiy chiqindilarni yig‘ish bilan bog‘liq ishlarning holati bo‘yicha hisobot berar ekan faoliyatidagi muammolarga to‘xtaldi.
Ta’kidlandiki, aholiga ko‘rsatilgan xizmatlarga to‘lov har bir kishiga 2900 so‘mni tashkil etib, amaldagi tarifning aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun pastligi sezilmoqda. Sababi, hozirgi kunda korxonada yoqilg‘i-moylash mahsulotlari narxlari oshishi, ehtiyot qismlarining narxida o‘zgarishlar, ishchilar sonining ortishi, tashqi kredit hisobiga olingan avtoulovlar uchun pul mablag‘lari tafovutlari hamda ijaraga olingan texnikalar uchun ijara haqlarini qoplashda moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelinmoqda. Shu sababdan, korxona amaldagi chiqindi tarifini qayta ko‘rib chiqish uchun barcha ma’lumotlarni tegishli davlat tashkilotlariga taqdim etdi.
Yangi quriladigan ko‘p xonadonli uylarni loyihalashtirishda maishiy chiqindilarni to‘plash shoxobchalarini tashkil etishga ham e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi. Ayni paytda bu borada Samarqand shahrining Qorasuv massividagi mahallalarda yuzaga kelayotgan muammolar misol sifatida keltirildi. Sessiyada bunday muammolarga yechim topish yuzasidan takliflar bildirilib, mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.
Sessiyada, shuningdek, Samarqand shahar va Samarqand tumani obodonlashtirish korxonalari rahbarlari O.Abdullayev, J.Saidovlarning hududlarda obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish bilan bog‘liq ishlarning bugungi kundagi holati to‘g‘risidagi, ushbu shahar va tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari A.Egamov, F.G‘aniyevlarning jismoniy va yuridik shaxslardan maishiy chiqindilar uchun to‘lovlarni yig‘ish bo‘yicha debitor qarzdorliklarni qisqartirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holati to‘g‘risidagi hisobotlari tinglandi.
– Keyingi paytda Samarqand shahrida obodonlashtirish ishlariga yetarli darajada e’tibor qaratilmayapti, – dedi viloyat hokimi E.Turdimov. – Natijada shahar ko‘chalarini o‘z bilganicha kavlayotgan, piyodalar yo‘laklarini yopib qo‘ygan yoki avtomashina to‘xtash joyiga aylantirib olgan kishilar ko‘paymoqda. Shahar rahbarlari, hatto, deputatlar ham bunga befarq qarayapti. Qoidabuzarlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilmayapti. Qani bu yerda sektorlarning roli, qani jamoatchilik nazorati?
Deputatlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida sanitar tozalash xizmatlari ko‘rsatish qamrovini oshirish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishida ekologik tarbiya va targ‘ibotni samarali tashkil etish, jamoatchilik tomonidan ekologik nazoratni amalga oshirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
Viloyat shahar va tumanlarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar uchun majburiy to‘lov, shuningdek, yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlarga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlarning yangi tariflari belgilandi.
Ya’ni, Samarqand shahri va tumanida qattiq maishiy chiqindi uchun to‘lov bir kishiga 3400 so‘m (yuridik tashkilotlarga 1 tonnasiga 130393 so‘m), Kattaqo‘rg‘on shahar va boshqa tumanlarda 2900 so‘m (yuridik tashkilotlarga 1 tonnasiga 111303 so‘m) etib belgilandi.
Sessiyada muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan Kengash qarorlari qabul qilindi.