“Hududgaz Samarqand”: Samarqand tumanidagi suyultirilgan gazga moslashtirilgan mahallalarga tabiiy gaz yetkazib berish uchun texnik imkoniyat mavjud emas

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi Andrew Jacksonning “Eshitishimcha yaqin orada Samarqand tumani aholisi tabiiy gaz masalasi bo‘yicha hurmatli Prezidentimizga xat va ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaatnoma jo‘natarmish”, deya boshlangan post yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.

Aholining issiqlik energiyasi va tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji kundan-kunga ortib bormoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan 20 yil davomida mamlakatimiz aholisi soni qariyb 10 millionga oshgan. Tahlillarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2000 yil O‘zbekiston aholisi soni 24,488 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2013 yil 29,993 million, 2020 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, 34,03 million kishiga yetgan. Bundan tashqari, iqtisodiyotni rivojlantirish tarmoqlari sanalgan tadbirkorlik sub’yektlarining yildan-yilga oshishi ham tabiiy gazga bo‘lgan talabning ortishiga xizmat qilmoqda.

Hukumatimiz tomonidan aholi va ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha ob’yektlari va iqtisodiyotni rivojlantirish tarmoqlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash borasida qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Xususan, gaz yetib bormaydigan yoki gaz yetkazib berish imkoniyati bo‘lmaydigan mahallalarni suyultirilgan gaz bilan ta’minlash borasida ma’yoriy hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, Prezidentimizning 2015 yil 7 iyuldagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2015-2016 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va shu haqdagi viloyat hokimining 2015 yil 10 avgustdagi 174-Q sonli qaroriga muvofiq, Samarqand viloyatidagi 827 ta mahallalarda yashovchi 479,000 dan ortiq xonadonlar tabiiy gazdan suyultirilgan gaz ta’minotiga o‘tkazilgan.

Bugungi kunda tabiiy gaz resurslari ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha ob’yektlari va iqtisodiyotni rivojlantirish tarmoqlari sanalgan tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilmoqda. Mazkur hujjatga asosan Samarqand tumanidagi tabiiy gaz yetkazib berish qiyin bo‘lgan 61 ta mahallada yashovchi 29.000 nafarga yaqin iste’molchilar ham tuman hokimligi qarori bilan suyultirilgan gaz ta’minotiga o‘tkazilgan.

Ayni paytda Samarqand tumanidagi suyultirilgan gazga moslashtirilgan mahallalarga tabiiy gaz yetkazib berish uchun texnik imkoniyat mavjud emasligini ma’lum qilamiz.

 

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati.