Hukumatda qolishga urinish: Trampga yana bir jinoiy ish — Kapitoliyga hujum voqeasida ayblov qo‘yilmoqda
AQShning sobiq prezidenti Donald Trampga 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliyga bostirib kirish bilan bog‘liq jinoiy ish bo‘yicha rasman ayblov e’lon qilindi. Bu haqda maxsus mustaqil prokuror Jek Smit e’lon qilgan hujjatdan ma’lum. Katta Federal hakamlar hay’ati ayblovni yoqlab ovoz bergan.
Tramp to‘rtta moddada ayblanmoqda: davlatni aldash maqsadida fitna uyushtirish, rasmiy jarayonga to‘sqinlik qilish, rasmiy jarayonga to‘sqinlik qilishga urinish va huquqni buzish uchun til biriktirish. Prokurorlarning ta’kidlashicha, Tramp o‘zining Jo Bayden ustidan g‘alaba qozongani haqidagi iddaolar yolg‘on ekanini bilgan, biroq u Amerika jamiyatida “ishonchsizlik va g‘azabning ziddiyatli muhitini” yaratish va “ jamoatchilikning saylov jarayoniga ishonchini yo‘qotish” maqsadida yolg‘onini takrorlagan, deb yozadi Reuters.
Hujjatda Tramp, prokurorlarga ko‘ra, saylovda “mag‘lubiyatga uchraganiga qaramay, hukumatda qolishga qat’iy qaror qilgani” ochiq aytiladi.
Sobiq prezident bilan birga ism-sharifi oshkor etilmagan olti kishi, jumladan, “soxtalashtirish haqidagi asossiz da’volarni tarqatgan” advokatlar ham ayblangan. Smitning ta’kidlashicha, ayblov xulosasida Tramp bu chiqishlarni "aqldan ozish" deb atagan, lekin ularni avj oldirishda ishtirok etgan.
3 avgust kuni Tramp Vashington politsiyasiga taslim bo‘lishi va hibsga olishni belgilash uchun sudya huzurida bo‘lishi kerak.
Respublikachi Donald Tramp 2020 yil noyabrida bo‘lgan prezidentlik saylovlarida demokrat Jo Baydenga yutqazgan edi. Tramp bir necha oy davomida mag‘lubiyatni tan olishdan bosh tortgan va firibgarlik haqidagi asossiz da’volarni tarqatgan. 2021 yilning 6 yanvarida, natijalar Kongress tomonidan tasdiqlangan kuni Tramp tarafdorlari to‘dasi Kapitoliyga bostirib kirib, majlisni buzgan.
Bu Trampga nisbatan uchinchi jinoiy ish. Aprel oyida Manxetten okrugidagi Katta hakamlar hay’ati soxta biznes hisobotlar haqidagi da’volarni tasdiqlagan va iyun oyida advokat Smit Tramp qarorgohlarida maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash bo‘yicha ish ochgan.
Tramp bo‘lajak saylovlarda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun asosiy da’vogardir. Agar u biron bir ayblov bo‘yicha aybdor deb topilib, qamoqqa jo‘natilgan taqdirda ham bu uni AQSh prezidentligiga nomzod bo‘lish huquqidan mahrum qilmaydi.