Huquqlarimiz Konstitutsiya bilan kafolatlangan. Lekin bu hujjatda majburiyat ham belgilangan
Keyingi 5-6 yilda jamiyat hayotida tom ma’nodagi ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Bular orasida so‘z erkinligi, boshqaruvdagi ochiqlik va shaffoflikni alohida e’tirof etish lozim. Negaki, o‘tayotgan yillar silsilasida fuqarolarimiz nafaqat ijtimoiy tarmoqlarda, balki real hayotda ham o‘z fikrini erkin va ochiq bildirish imkoniga ega bo‘ldi.
Oddiy misol, ilgari hokimlarni asosan televizorda ko‘rgan xalqimiz respublika darajasidagi rahbarlar bilan yuzma-yuz gaplashish, ularga o‘z dardini, muammosini bayon qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Bosh qomusimizda fikr erkinligi kafolatlangan. Konstitutsiyamizning 29-moddasiga ko‘ra, har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega...
Bundan tashqari, 13-moddada “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”, deb belgilangan. Umuman, erkinlik so‘zining o‘zi Asosiy qonunimizda 18 marta ishlatilgan. Shuning o‘zi yurtimizda inson erki qanchalik ulug‘langanini ko‘rsatadi.
Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ayrim kishilarimiz erkinlikni chegarasizlik tarzida qabul qilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Vaholanki, Konstitutsiyada mumkin emas, degan jumla 22 marta qo‘llanilgani ham buni isbotlab turibdi. Bu cheklovlarning 4 tasi shaxsiy huquq va erkinliklar bilan bog‘liq holda ifodalangan. Albatta, mazkur qoidalar yurtimiz fuqarolarining huquq va erkinliklarini cheklamaydi, aksincha, ularga muayyan imkoniyatlar beradi. Hamma gap masalaga qaysi tomondan qarashda.
Masalan, Bosh qomusimizga ko‘ra, “Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas”. Nega ayni shu moddani keltiryapman? Chunki bugungi kunda qaynonani kelinga qilayotgan zug‘umi yoki aksincha, kuyovni kelinga munosabatlaridagi qattiqqo‘llik holatlari tez-tez uchrab turibdi.
Konstitutsiyamizning yana bir moddasida belgilanganidek, “fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar”.
Aytmoqchi bo‘lganim, Asosiy qonunning 6 ta moddasida burchlarimiz ham belgilangan. 128 modda orasida bu arzimasdek ko‘rinadi. Ammo birinchi navbatda aynan burchlarimizni teran anglasak va unga amal qilsak, harakat yoki harakatsizligimiz bizning foydamizga ishlashi shubhasiz.
Xurshidbek Abdiyev,
fuqarolik ishlari buyicha Samarqand shahar sudining sudyasi.