Ibratga to‘la xazina
Kamina 80 yosh arafasida ham jadid bobolarimiz haqidagi ma’lumotlarni o‘qishdan charchamayman. Xususan, «Jadid» haftaligidagi har bir maqolani sinchiklab o‘qib boraman.
Ularda ma’rifatparvar ajdodlarimiz yaratgan ma’naviy xazina va uning ahamiyati haqida biri biridan yaxshi materiallar berilmoqda. Zero, davlatimiz rahbarining bunday el fidoyilari hayotini o‘rganish va undan ibrat olishga undash bo‘yicha chorlovi ijtimoiy hayotda juda katta voqea bo‘ldi, deb o‘ylayman. Negaki, jadidlar qoldirgan merosning qadr-qimmati, eng avvalo, uning bugungi kunda ham ko‘pchilikka ibrat bo‘la olishidadir.
Men bobom Saidrizo Alizoda hayoti va faoliyati bilan bog‘liq materiallarni, qo‘lyozmalarni o‘rganish jarayonida shu narsaga ishonch hosil qildimki, jadidlar elning chinakam, haqiqiy farzandlari bo‘lishgan. Ular millat manfaati yo‘lida jonini ham fido qilishga tayyor turishgan. Dunyoviy ilmlarni mukammal egallaganliklari uchun millatni faqat ilmgina taraqqiyotga olib chiqishiga qat’iy ishonganlar. Bu yo‘lda mehnat, vaqt va mablag‘larini ayashmagan, ma’rifat uchun nimaiki zarur bo‘lsa, barchasini bajarishgan, lekin biror holda, biror joyda mehnat va xizmatlarini minnat qilishmagan. Shuning uchun ham bobomning faoliyati bilan bog‘liq har bir yangi hujjatni topganimda uni ko‘zlarimga surtaman, uni bag‘rimga bosaman.
Millat fidoyilari uchun xalqning yaxshi-yomoni, mahramu nomahrami, tanishu begonasi bo‘lmaydi. Ular ochgan maktablarda ziyo istagan har bir bola ta’lim olgan. Ular chiqargan gazetalarni butun omma o‘qigan. Negaki, ular xalqqa ma’rifat nima, ilm nima, erkinlik nima ekanligini o‘z hayotlari orqali ham isbotlab berishgan.
Sadrizo Alizoda «Zarafshon» gazetasida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Fitrat, Cho‘lpon, Hoji Mo‘in bilan baqamti ishlash jarayonida «Shu’lai inqilob» haftanomasini ham chiqaradi. Fors tilida chop etilgan bu jurnalning 98 ta soni o‘quvchiga yetib borgan. Bobom fors tilida so‘zlashuvchi aholiga, shuningdek, Eron, Ozarbayjon, Afg‘oniston va Pokistondagi ma’rifatparvarlarga Turkiston ozodligining mohiyati, ilmning qadri, birlashmoqning mohiyati haqida juda go‘zal maqolalar yozgan va bu maqolalar hozirgi kunda ham xorijlik ziyolilar tomonidan o‘rganilmoqda. Bu maqolalardagi g‘oyalar o‘sha davrdagi inqilobiy kurashning shioriga aylangan. Xususan, «Muallim ila muharrir millatning ikki qo‘lidir» degan iborasi naqlga aylanib ketgan.
Shukrki, bobomizning, umuman, jadidlarning faoliyatiga munosib baho berildi, endilikda ularning ma’naviy boyligi har tomonlama o‘rganilmoqda, bu haqda ilmiy tadqiqotlar boshlanib ketdi. Xususan, bobomizning ham 115, 130, 135 yilliklari davlatimiz rahbarining bevosita yordami bilan munosib nishonlandi, ushbu meros mohiyati yuzasidan ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazildi. Ularda xorijlik ziyolilar ham ishtirok etdi.
O‘tgan yillar davomida kamina Eron, Pokiston va Ozarbayjondagi ko‘plab kutubxonalarda bo‘lib, jadidlar faoliyatiga, ayniqsa, bobomning ishlariga oid juda ko‘plab hujjatlardan nusxa olib qaytdim. Shu uchun ham bugungi kunda u kishining tabarruk nomi bilan ataluvchi ko‘chada joylashgan uy-muzeyda eksponatlarimiz soni 5 mingdan oshdi. Ular orasida S.Alizodaning nafaqat ijodkorlar, jurnalistlar, balki siyosat arboblari bilan yozishmalaridan ham nusxalar bor. Talabalar, yoshlar, keksalar bu yerga tashrif buyurib, eksponatlarni havas bilan tomosha qilishadi, har gal ularga fidoyi bobomning ibratli fazilatlaridan gapirib beraman.
Jadidlar juda murakkab jarayonda faoliyat ko‘rsatishgan. Bir tomonda xalqning savodsizligi, rus imperiyasi siyosatiga qullik kayfiyati, ikkinchi tomondan atrofdagi kuchli davlatlarning manfaatli targ‘ibotlari, ularga har bir harakatda jasoratli hushyor bo‘lishni taqozo etgan. Eng og‘ir damlarda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlashgan. Chor Rossiyasi, undan keyin Rus imperiyasi ularni doimo bir-biridan uzoq, bexabar saqlashga uringan. Har bir harakatini kuzatib yurgan. Shu tufayli ko‘pchiligi qatag‘on qurbonlariga aylanishgan.
S.Alizoda turmaga olingandan keyin ham unga ayb qo‘ya olishmagan. Aslida u xorij xavfsizlik tashkilotlari o‘rtasidagi kurashning qurboni bo‘lgan. Hatto u oqlangandan keyin ham Ikkinchi jahon urushi davom etayotganligi sababli aynan GKChP tavsiyasiga ko‘ra erkinlikka chiqarilmagan va Vladimir shahrida vafot etgan. Kamina mashaqqat bo‘lsa-da, bobomning ana shu turmadagi faoliyatini o‘rgandim, u kishiga tegishli bo‘lgan juda ko‘p qo‘lyozma va hujjatlarning, tergov so‘rovlarining nusxalarini olib kelishga erishdim. Qabrining tuprog‘idan ham olib kelib, bu hokni qo‘yib, Samarqanddagi Panjob qabristonida yodgorlik o‘rnatdik.
Shu o‘rinda bobomning jo‘shqin hayotini muhabbat bilan o‘rgangan marhum olimlar Najmiddin Komilov, Begali Qosimov, Saydi Umirov ruhi oldida ta’zimdaman va bugungi kunda ham bu merosni diqqat bilan o‘rganayotgan professor Halim Saidov, faol olim Bahrom Irzayevlarga minnatdorlik bildiraman.
Jadidlar juda katta meros qoldirishdi. Biz uchun muhimi shundaki, ushbu meros hozirgi kunda jamiyatimizga nihoyatda kerak bo‘lgan ajoyib xislatlarni targ‘ib etadi. Zero, bu ma’rifatparvarlar ishlarini davom ettirish, ularday fazilatlarga ega bo‘lish bugun har birimizning muqaddas burchimiz deb bilaman.
Farhod Alizoda,
Saidrizo Alizoda uy-muzeyi rahbari.