Ibratli bitiklar
Hokim. Qadr va ustoz
Hokimning donishmand ustozi bor ekan. Bir kun u katta lavozimga tanlagan odamlari bo‘yicha ustozining oldiga maslahatga kelibdi.
- Ustoz, men bu kishilarni lavozimga qo‘ymoqchiman, maslahat bering kimni qo‘yay?
Ustozi nomzodlarning kimligini so‘rabdi. Hokim birinchisi haqida ma’lumot beribdi. Ustoz:
“Bo‘lmaydi bu nomzod, chunki juda qattiq”, - degan ekan.
Ikkinchisini aytganda:
- Bu ham bo‘lmaydi, juda bo‘sh, - deb aytibdi.
Uchinchisi:
- Hali xom, debdi.
Hokim hayron bo‘libdi. Bittasi qattiq bo‘lsa, ikkinchisi bo‘sh, uchinchisi xom bo‘lsa. O‘ylanib qolibdi. Ushbu lavozimga qanaqasini qo‘yay, deb so‘rabdi. Ustoz shogirdining qo‘liga kartoshka, tuxum va pishmagan o‘rik beribdi.
- Bularni qaynatib pishirgin va menga olib kel, keyin javobini aytaman, debdi.
Hokim har birini alohida qaynatib, ustozning oldiga olib kelibdi. Kartoshka yumshab qolibdi, suyuq tuxum esa biroz qotibdi, xom o‘rik butunlay titilib ketibdi.
- Ko‘rdingmi? Endi bulardan ikkitasi iste’molga yaroqli, bittasi hali xomligi tufayli butunlay titilib ketdi. Xalqqa rahbarlik ham xuddi shunday qaynoq jarayon. Shu tufayli rahbar oldin pishgan bo‘lishi kerak. Aks holda, u yaroqsiz hisoblanadi. Qattiq ham bo‘lmaydi, ko‘ngli yumshoq ham rahbarlik qila olmaydi, pishmagan bo‘lsa, titilib ketadi. Shu tufayli rahbarlik qilish uchun har qanday kishi hayot qaynog‘ida pishgan bo‘lishi kerak, degan ekan.
Pastkashlik
Erkak kishi bolalarini olib qolib, xotinini xorijga pul topib kelish uchun jo‘natib, u jo‘natgan pullarini yillar davomida yeb-ichib, qaytib kelgandan so‘ng “Sen uyoqda falonchi bilan yurgan ekansan”, deb haydab yuborishi o‘ta pastkashlikdir.
Qaysi ish oson?
Kitob yozishmi yoki uni o‘qish?
- Kitob yozadiganlar doimo ishtiyoq, xohish bilan yozadi, chunki uning qo‘lidan shu ish keladi. Shuning uchun kitob yozish – oson.
- Kitob o‘qish hammaning qo‘lidan keladi, ammo bu ishni xohlamasa, bundaylarga o‘qitishdan qiyin ish yo‘q.
Donishmandlardan sakkiz hikmat
Alloh hamma joyda bir vaqtning o‘zida bo‘lolmaganligi tufayli, insoniyatning omonligi uchun Onani yaratgan ekan.
Muammoni pul bilan hal qilish mumkin bo‘lsa, bu muammo emas – faqat xarajat, deb baholash mumkin.
Odamlarga ikkita quloq va bitta og‘iz berilgan. Shu tufayli ko‘proq eshitish va eshitganlariga nisbatan ikki barobar kamroq gapirish kerak ekan.
Qo‘rqib o‘lgandan ko‘ra, kulib o‘lgan afzal.
Tajriba odamlarning shu ishda xato qildik, deb gapirgan gaplari, pushaymonliklarining yig‘indisidir.
Ayrim odamlar hamisha pulim yo‘q deb noliydi, ammo hech kim aqlim yo‘q, deb o‘ylamaydi.
Soch oqarishi faqatgina qarilik belgisi, xolos. U donishmandlikka davo qiladigan mezon emas.
Keksa odamning ko‘zi xiralashadi, ammo qalbi bilan ko‘p narsani ko‘ra oladi.
Mamayunus PARDAYeV, SamISI professori