Ibratli voqea: ​​Antiqa saxovat

- Kechirasiz, uka, mana shu yerdan o‘tib ketayotgandim, ko‘chada yurgan ekan, sizniki emasmi? - so‘z boshladi toza, ozoda kostyum-shim kiyib, qo‘lida sigir arqonini tutib olgan kishi.

- Yo‘q, bizning sigirimiz yo‘q, - javob berdi kambag‘algina, boriga shukur qilib yashab kelayotgan inson.

- Men juda majlisga shoshib turgandim, shu sigir siznikida turatursin, egasi qidirib kelsa berib yuborasiz. Ko‘chada biror yoqqa ketib qolib egasi qidirib yurmasin.

- Xo‘p, aka mayli. Egasi kelib qolsa sizni aytaman, yaxshi inson ekansiz.

- Mayli, meni aytaqoling. Hech kim so‘rab kelmasa, o‘zim olib ketaman, maylimi? - kuldi haligi kishi.

- Xo‘p, aka. 

Shukur bilan yashab kelayotgan inson ertasi tongda darvozasi oldida qog‘ozcha topdi. Unda shunday yozilgandi: "Kecha sizga arqonini tutqazgan sigir o‘zingizniki ekan. U sizga Yaratganning bir tuhfasi emishki, egasi qidirib keladi deb kutmang. Ramazon muborak bo‘lsin, do‘stim!".

Nuriddin ZIYo.