Ichimlikni suiiste’mol qilish mumkinmi?

Telefonimga Sog‘liqni saqlash vazirligi nomidan xuddi shu tarzdagi SMS xabar keldi. Qiziq, mansabni, o‘z vazifasini suiiste’mol qilish mumkin. Ammo spirtli ichimlikni suiiste’mol qilish mumkinmi? To‘g‘risi, o‘zimga ham ishonmay, "O‘zbek tilining izohli lug‘ati"ga qaradim. 
"Suiiste’mol – noo‘rin, noto‘g‘ri ishlatish, o‘z manfaati uchun foydalanish. Biror narsadan, masalan, amal, boylikdan o‘z manfaati uchun yo‘l qo‘yilganidan ortiqcha foydalanish".
Tushunishimcha, ushbu xabarlar aholini sog‘lom turmush tarziga amal qilishga undash maqsadida yuborilmoqda. Bunday xizmat e’tirofga munosib, albatta. Ammo necha million kishiga jo‘natilayotgan qisqa xabarda har bir so‘z o‘rnida ishlatilishi kerak-da. 
Ushbu xabarning rus tilidagi matni lotin alifbosida bir qator xatolar bilan berilishi ham tushunarsiz: "Zloupotreblenie spirtnymi napitkami privodyat k narusheniyam funkciy pecheni". Ruscha xabarni kirill yozuvida emas, boshqa alifboda talqin etish imlo qoidalariga zid-ku...

Gulnora XOLDOROVA.