Ichki ishlar xodimiga nega oqlov hukmi chiqarildi?

Prezidentimiz Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida so‘nggi 3 yilda 1989 nafar, 2019 yilning o‘zida esa 859 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilganini qayd etib, «Sudyalarimizning adolatni va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida oqlov hukmlarini chiqarayotgani, hech shubhasiz, sud-huquq sohasidagi eng katta yutug‘imizdir. Men, Prezident sifatida sudyalarning bunday jasorati va qat’iyatini bundan keyin ham to‘liq qo‘llab-quvvatlayman», deya ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining bu fikrlari nafaqat biz sudyalar mehnatining e’tirofi, balki adolatni qaror toptirish, har bir ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarish bo‘yicha zimmamizga yuklatilgan ulkan mas’uliyat hamdir.

Zaxidov Farruh Farhodovich 2010 yil sentyabr oyidan Samarqand shahar IIB JQ va UJQKB tezkor vakili lavozimida ishlab kelib, noqonuniy ravishda mulkiy naf ko‘rish maqsadida, 2013 yilning yanvar oyida hamkasbi Sh.Ashurov bilan o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, mansab vakolati doirasidan chetga chiqib, fuqaro M.Nabiyevning qo‘llariga temir kishan taqib, uning kelgusidagi faoliyatiga rahnamolik qilishi evaziga tamagirlik yo‘li bilan 200.000 so‘m, 405 AQSh dollari va 1.000 Rossiya rublini pora tariqasida olganlikda ayblanib, 3 yil muddatga huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda hamda mansabdorlik, moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, unga 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi apellyasiya instansiyasining 2020 yil 28 maydagi ajrimiga ko‘ra, F.Zaxidov JKning (eski tahrirdagi) 206-moddasi 2-qismi “v” bandi va 210-moddasi 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etmagan, deb topilib oqlandi.

Chunki ishni apellyasiya tartibida ko‘rish davomida F.Zaxidovningdastlabki tergov davomida, hibsda saqlangan vaqtdagi aybiga iqrorlik bildirib bergan ko‘rsatuvlaridan tashqari, uni ayblashga asos bo‘lgan biror-bir ob’yektiv dalil topilmadi.

Bundan tashqari, dastlabki tergov davomida F.Zaxidovni mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda pora olish jinoyatlarini sodir qilganligini namoyon etuvchi biror-bir ishonchga sazovor va maqbul dalillar to‘planmagan. Birinchi instansiya sudida esa uning aybini tasdiqlovchi holatlar mavjudligi yoki mavjud emasligini sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilmasdan, uni aybli deb topib, barvaqt xulosaga kelingan.

O‘zbekiston Respublikasi JKning 9-moddasida shaxs qonunda belgilangan tartibda aybi isbotlangan ijtimoiy xavfli qilmishi uchungina javobgar bo‘lishi belgilangan.

Yuqorida ko‘rsatilgan va boshqa qonuniy asoslarga ko‘ra, apellyasiya instansiyasi sudlov hay’ati F.Zaxidovning harakatlarida mansab vakolati doirasidan chetga chiqish va pora olish jinoyatlarining tarkibi yo‘qligi sababli uni aybsiz deb topib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan oqladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi.