IIO xodimini o‘z avtomashinasida sudrab ketgan haydovchi 15 sutkaga qamaldi
Joriy yilning 22 aprel kuni soat 11:00 lar atrofida Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz shahri, Do‘stlik mahallasi hududida, haydovchi M.S. “Matiz” rusumli transport vositasida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanganligi aniqlangan.
Ushbu mahallada xizmat vazifasini bajarib turgan profilaktika inspektori J.Turdiyevga hujjatlarini taqdim qilmasdan, uni o‘z avtomashinasida yon eshigi ochiq holda 50 metr masofagacha sudrab ketgan.
J.Turdiyev shahar IIB boshlig‘i nomiga bildirgi orqali murojaat qilib, haydovchi M.S.ning xatti-harakati yuzasidan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Haydovchi M.S. karantin qoidalariga amal qilmay, xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar organi xodimiga qo‘pol munosabatda bo‘lgan. Bu ham yetmagandek, undan hujjatlarni so‘ragan J.Turdiyevni mashina eshiklarini yopmay sudrab, qochib ketishga uringan.
Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 22 aprel kuni Shahrisabz shahar ma’muriy sudi tomonidan 1987 ilda tug‘ilgan M.S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalariga asosan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabar berdi.