IIV: Koronavirusga chalingan bemorni izolyasiya qilish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulot o‘tkazildi

Urganch shahrida “yuqumli virus bilan kasallangan bemor”ni izolyasiya qilish bo‘yicha maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi. Bu haqda Xorazm viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumki, ayni kunlarda dunyo aholisining diqqat markazida Xitoyda tarqalgan koronavirus bo‘lmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ushbu yuqumli va xavfli virus oqibatida Xitoyda vafot etgan insonlar soni ming nafardan oshib ketganligi inobatga olinsa, bu virusning mamlakatimizga kirib kelishining oldini olish va uni bartaraf etish choralarini ko‘rish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Shu maqsadda 12 fevral kuni Urganch xalqaro aeroportida “Yangi turdagi koronavirus infeksiyasining respublika hududiga chetdan kirib kelishi va tarqalishining hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularda harakat qilish Davlat tizimi hududiy organlari va kuch-vositalarining hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.

Maxsus-o‘quv mashqida ishtirok etgan ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, favqulodda vaziyatlar, bojxona organlari, chegara qo‘shinlari va Urganch xalqaro aeroporti ishchi-xizmatchilari yuqumli kasallik bilan kasallangan shartli “bemor”ni aniqlash, izolyasiya qilish va davolash ishlarini olib borish bo‘yicha o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni belgilangan tartibda amalga oshirishdi.

Maxsus-o‘quv mashqi davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, erishilgan yutuqlar yakunda qatnashchilar ishtirokida muhokama qilindi.