Ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning farzandlarini davlat qaramog‘iga oladi
Hukumat qarori (257-son, 28.03.2019 y.) bilan Ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz ta’lim olishini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb xabar bermoqda huquqiy axborot kanali.
Nizomga muvofiq, ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz ta’lim olishini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yoshlar masalalari bo‘yicha hududiy idoralararo kengashlar tomonidan amalga oshiriladi.
Bolalarni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlari va mahallalar har yili 1 iyungacha idoralararo kengashlarga yozma tavsiya bilan birga quyidagi hujjatlar taqdim etadi:
•o‘quvchilarning yutuqlarini tasdiqlovchi hujjatlar (mavjud bo‘lganda);
•o‘quvchi va oila a’zolarining pasporti yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxalari;
•nogironlikni tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi (mavjud bo‘lganda);
•boquvchisini yo‘qotganlik to‘g‘risidagi hujjat nusxasi (mavjud bo‘lganda).
Hujjatlar har yili 10 iyungacha idoralararo kengashlar tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda 15 iyunga qadar viloyat kengashlariga taqdim etiladi.
Qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qaror har yili 30 iyunga qadar qabul qilinadi.
O‘quvchilar quyidagilar bilan ta’minlanadi:
zamonaviy yagona maktab formasi;
• asosiy turdagi o‘quv qurollari;
• badiiy kitoblar.
Shuningdek, o‘quvchilarga gazeta va jurnallarga obuna bo‘lishda amaliy yordam ko‘rsatiladi hamda ularning respublika oromgohlarida dam olishi va sayohatlar tashkil etiladi.