Ijtimoiy soha ob’yektlariga ko‘mir xaridi uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratildi
Qariyb bir haftadan buyon davom etayotgan anomal sovuq aholi uchun ham, korxona va tashkilotlar hamda mahalliy hokimliklar uchun ham murakkab kechmoqda.
Bunday vaziyatda, ayniqsa, aholi xonadonlari, ta’lim va tibbiyot muassasalarini elektr energiyasi, tabiiy gaz va ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash, yetarli darajada issiqlik bo‘lishiga erishishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Viloyat hokimligida, shuningdek, barcha tuman va shaharlarda, kommunal soha tashkilotlarida tunu kun faoliyat ko‘rsatadigan shtablar, avariyalarni tezkor bartaraf etish uchun qo‘shimcha brigadalar tashkil etildi. Ushbu tizimlar orqali va bevosita aholi tomonidan bildirilayotgan murojaatlar belgilangan vaqtda ko‘rib chiqilib, tezkor hal etish choralari ko‘rilyapti.
Albatta, oson bo‘layotgani yo‘q. Elektr energiyasi, tabiiy gaz va suv tarmoqlarida juda ko‘p avariyalar kuzatilmoqda. Ortiqcha yuklama, tarmoqlarning muzlab qolishi va boshqa kutilmagan holatlar avariyalarni o‘z vaqtida bartaraf etishga xalaqit qilmoqda. Shunga qaramay ushbu sohalarning fidoyi xodimlari tunu kun o‘z vazifalarini bajarib, muammolarni tezkor hal etish choralarini ko‘ryapti.
Sinovli kunlarda aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj va ehtiyojmand qatlamini moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun mahalliy hokimliklar tomonidan oziq-ovqat va ko‘mir mahsulotlari tarqatilmoqda. Sovuq kunlarda ko‘chalarda mehnat qilayotgan obodonlashtirish va boshqa sohalar xodimlari uchun, shuningdek, ehtiyojmandlarga bepul issiq ovqat tashkil etildi.
Tabiiy gaz yetib bormagan va gaz bosimi past bo‘ladigan hududlardagi ta’lim va tibbiyot muassasalari joriy mavsum uchun davlat tomonidan ko‘mir yoqilg‘isi bilan ta’minlangan bo‘lsa-da, bugungi vaziyatdan kelib chiqib, tuman va shahar hokimliklarining farmoyishlari bilan mahalliy byudjetning zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ko‘mir xarid qilishi uchun pul ajratildi.
Jumladan, Nurobod tumanida 329 million so‘m, Payariq tumanida 128 million so‘m, Toyloqda 92 million so‘m, Bulung‘ur tumanida 45 million so‘m, Samarqand shahrida 30 million so‘m ushbu maqsadga yo‘naltirildi.
“Ko‘mir ta’minot” MChJ Samarqand filiali ma’lumotlariga ko‘ra, mavsum boshidan buyon aholiga 105 ming 92 tonna ko‘mir mahsulotlari yetkazib berildi. Jumladan, kecha ushbu ombor va shoxobchalardan aholi 562 tonna ko‘mir xarid qildi. Hududiy ko‘mir omborlarida 886 tonna ko‘mir zaxirasi mavjud. “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 699 tonna ko‘mir mahsulotlari temiryo‘l orqali yetkazib kelinmoqda.