Ijtimoiy tarmoqda faol bo‘lgan psixologlarga ishonsa bo‘ladimi?
Rost, bugungi kunda professional psixologik hamjamiyatda mijozlar uchun asosiy xavf, bu - ko‘pchilik hollarda sifatsiz psixologik xizmat ko‘rsatilishidir. Xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali xususiy konsalting amaliyotini olib boradigan psixologlar tomonidan psixologik faoliyat yuritish uchun aniq me’yor va talablar hamon belgilanmagan.
Bu esa sohada muayyan muammolarni yuzaga keltirib chiqarmoqda. Masalan, hozirda professional va malakali mutaxassislar bilan bir qatorda o‘zini psixolog yoki psixoterapevt deb ataydigan qo‘shtirnoq ichidagi mutaxassislar ko‘payib bormoqda. Ular psixologik xizmat ko‘rsatish huquqiga ega emas, chunki ularning ta’lim darajasi yoki tajribasi xizmatlarga mos kelmaydi. Ba’zida ushbu xizmatlar ko‘rsatish sohasida ishlaydigan tashkilotlarda tegishli ruxsatnoma yoki e’lon qilingan xizmatlarga mos keladigan mutaxassislar faoliyat yuritmayotgani kuzatiladi.
Shundan kelib chiqib, har bir fuqaroni bunday «mutaxassis»lar va tashkilotlardan bevosita himoya qilish dolzarb masala bo‘lib kun tartibiga chiqmoqda.
Bu esa mazkur jarayonning qonuniy mexanizmlarini ishlab chiqish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Sababi, O‘zbekistonda amaldagi qonunchilik psixologning xususiy amaliyotini tadbirkorlik faoliyati sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qiladi, lekin psixologik xizmatlar ko‘rsatish sohasida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanish uchun litsenziya yoki boshqa maxsus ruxsatnomalar olishni nazarda tutmaydi (masalan, tibbiy faoliyat litsenziyalanadi).
Ushbu holat psixologlarning faoliyati nazorat qilinishi, professional hamjamiyat tomonidan esa ular faoliyati qo‘llab-quvvatlanishi maqsadga muvofiqligini ko‘rsatadi. Bunda psixologlar faoliyatining kasbiy standartlarga muvofiqligini baholash sifatida sertifikatlashdan o‘tkazish orqali nazorat qilish ko‘zda tutiladi. Ularni qo‘llab-quvvatlash esa psixologlarning malaka va kasbiy maqomni tan olish, sertifikatga ega bo‘lgan mutaxassislarning vakolatlarini oshirish, shuningdek, malaka oshirish kurslarining keng tizimini yaratishdan iboratdir.
Bir qator rivojlangan mamlakatlarda psixologlarning professional jamoalarini ixtiyoriy sertifikatlash tizimlari yaratilgan. Xususan, AQSh, Kanada va Buyuk Britaniyada psixologlarni sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu mamlakatlarda psixologik faoliyatni sertifikatlash dastlab ixtiyoriy tashkil etilgan bo‘lsa, keyinchalik majburiy chora sifatida qo‘llanilgan. Shuningdek, 2017 yilda Rossiya Federatsiyasida «Psixologik xizmatlar va psixoterapiya sohasida professional muvofiqlikni sertifikatlash tizimi to‘g‘risida»gi hujjat qabul qilingan. Mazkur hujjat bilan mamlakatda psixologlar faoliyati huquqiy jihatdan tartibga solingan.
Ixtiyoriy sertifikatlashtirish tizimi (IST) ikkita bir-birini to‘ldiruvchi komponentni o‘z ichiga oladi:
birinchidan, sertifikatlashtirishning o‘zi, mutaxassisning malaka darajasini tan olish tartibi;
ikkinchidan, IST dasturlarini akkreditatsiya qilish. Qo‘shimcha ta’lim dasturlari uchun malaka oshirish eng yuqori talablarga javob beradi. Ushbu kasbiy dasturlar bo‘yicha o‘qitish sertifikatlari sertifikatlash uchun avtomatik ravishda hisobga olinadi.
Sertifikatlash tizimini yaratish psixologik amaliyoti nimadan iboratligini aniq tushunishni nazarda tutadi. Agar bunday tushuncha mavjud bo‘lsa, professional amaliyot standartlari, shu jumladan axloqiy standartlar ishlab chiqilishi mumkin.
Xususiy faoliyatni amalga oshiruvchi psixologlar uchun professional standart yaratish kerak. Kasbiy faoliyat standarti quyidagi tuzilishga ega bo‘lishi lozim: kasbiy rollar, funksiyalar (psixolog nima qilishi kerak), shuningdek, faoliyatni amalga oshirishni ta’minlaydigan vakolatlar, bilim, ko‘nikma va qobiliyatning tasnifi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, sohada faoliyat ko‘rsatayotgan psixologlar, olimlar, o‘qituvchilar va talabalarning takliflarini inobatga olgan holda, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan O‘zbekiston psixologlar jamiyatini (keyingi o‘rinlarda – Jamiyat) tashkil etish hamda quyidagilar jamiyatning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanishi maqsadga muvofiqdir:
- mamlakatdagi barcha psixologlarni birlashtirish, o‘z a’zolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish;
- amaliyotchi psixologlar, shuningdek psixologiya sohasidagi barcha tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va tavsiyalar ishlab chiqish;
- psixologik-pedagogik yordam ko‘rsatish hamda psixologlarning kasb standartlarini ishlab chiqish va shu asosda o‘quv rejalari, o‘quv dasturlari, malaka talablarini shakllantirish yuzasidan takliflar kiritish;
- amaliy psixologik bilimlarni jamoatchilikka yetkazish, jamiyatda, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida psixologik bilimlarni keng targ‘ib etish, ushbu maqsadlarda tegishli tadbirlarni o‘tkazish;
- psixologiya sohasini rivojlantirishga qaratilgan “Psixologik xizmat” elektron platformasini yaratish, konferensiya, simpozium, seminar va davra suhbatlarini tashkil etish, o‘quvchi va talabalar o‘rtasida eng yaxshi ilmiy hamda amaliy loyihalar tanlovlarini o‘tkazish;
- mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha amaliyotchi psixologlar reyestrini yuritish, psixologik xizmat sifatini ta’minlash;
- psixologiya sohasida faoliyat olib borayotgan xorijiy ta’lim muassasalari, ilmiy jamiyat, tashkilotlar va markazlar bilan aloqa o‘rnatish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
- nodavlat psixologik maslahat markazlari tarmog‘i hamda onlayn psixologik xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish.
Shuningdek, aholiga psixologik xizmat ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish nuqtai nazaridan quyidagilarni taklif qilamiz:
- amaldagi xususiy psixologlarning onlayn (ijtimoiy tarmoqlar) va offlayn (seminarlar, xususiy markazlar va boshqalar) faoliyati ustidan tanqidiy monitoring o‘tkazish;
- xususiy psixologik amaliyotni litsenziyalash tartibini joriy etish;
- xususiy psixologik markazlar uchun psixologik xizmat turlarini majburiy sertifikatlashni joriy etish;
- xususiy psixologik markazlar faoliyatining normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqish (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xususiy psixologik markazlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori loyihasini tayyorlash);
- xususiy sektorda amaliyotchi psixologlar uchun professional standartni ishlab chiqish.
G‘ayrat Abdiyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.