Ikki fuqaro asossiz qarz yukidan qutuldi, ammo...
Maqolada Urgut tuman A’loxotin mahallasida yashovchi Salim Roziqov hamda Payariq tuman, Chelak shahrining Sug‘diyona ko‘chasida yashovchi Oybek Qoraboyevlarning tabiiy gaz uchun o‘z vaqtida to‘lovni amalga oshirgani holda asossiz qarz bo‘lib qolayotgani bayon qilingandi.
Mazkur maqola yuzasidan yaqinda majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasidan javob xati oldik. Unda jumladan, shunday yoziladi:
"Majburiy ijro byurosi Urgut tuman bo‘limi elektr energiya va tabiiy gazdan foydalanish tartibini nazorat qilish sho‘’basi davlat inspektorlari hamda mutaxassis xodimlar ishtirokida S.Roziqovning yashash xonadoniga borib o‘rganilganda 01.02.2010 yilda o‘rnatilgan RL-6 markali gaz hisoblagichning oxirgi ko‘rsatkichi 23767 kub.m bo‘lganligi va fuqaro S.Roziqovning shaxsiy hisobida 29.11.2007 yilda 700000 so‘m hamda to‘langan to‘lov pattalari solishtirib qayta hisoblanganda qarzdorlik mavjud emasligi, 2014 yil "Urguttumangaz" filiali xodimlari tomonidan tabiiy gaz iste’moli tarmoqdan uzilganligi to‘g‘risida dalolatnoma tuzilgan.
Biroq "Urguttumangaz" filialining avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi – "Billing" dasturi bilan solishtirganda fuqaro S.Roziqovning shaxsiy hisobida 1 192 100 so‘m asossiz qarzdorlik hisoblangani aniqlandi.
O‘rganish davomida ushbu ma’lumotlar asossiz deb topilgan hamda tuman MIB va "Urguttumangaz" filiali tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, yuzaga kelgan 1 192 100 so‘m qarzdorlik noreal deb topilgan.
Asossiz ma’lumotlarni "Billing" dasturiga kiritgan hamda noreal qarzdorlik yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan "Urguttutmangaz" filiali xodimlariga nisbatan Samarqand viloyat gaz taqsimlash hududiy filialiga taqdimnoma kiritilgan.
Fuqaro O.Qoraboyevning majburiy ijro byurosi Payariq tuman bo‘limi xodimlari tomonidan tabiiy gaz iste’molidan 4 213 490 so‘m qarzdorligi vaj qilinib, xonadoni tabiiy gazdan uzilganidan norozi bo‘lib, tahririyatga yuborgan shikoyat xati o‘rganildi.
Aniqlanishicha, "Payariqtumangaz" filialining tabiiy gazdan debitor qarzdorligi mavjud iste’molchilar to‘g‘risida taqdim qilgan ma’lumotnomasida O.Qoraboyevning 4 315 390 so‘m qarzdorligi borligi ko‘rsatilgani sababli majburiy ijro byurosi Payariq tuman bo‘limi tomonidan S.Qoraboyevning tabiiy gaz iste’moli tarmoqdan uzilgan.
Majburiy ijro byurosi Payariq tuman bo‘limi elektr energiya va tabiiy gazdan foydalanish tartibini nazorat qilish sho‘’basi davlat inspektorlari hamda mutaxassis xodimlar ishtirokida O.Qoraboyevning yashash xonadoniga borib o‘rganilganda 17.11.2014 yilda o‘rnatilgan G-6 rusumli gaz hisoblagichning ko‘rsatkichi 1455 kub metrni tashkil etgani, "Billing" dasturi ma’lumotlar bazasida esa 28832 kub m.ga ma’lumot kiritilgani, 2014 yil noyabrda RL-6 rusumli gaz hisoblagich o‘rnatilganligi hozirgi kunda gaz hisoblagich ko‘rsatkichi 763 kub m.ni tashkil etgani, "Billing" dasturi ma’lumotlar bazasida esa 9852 kub m. ga ma’lumot kiritilgani aniqlandi.
Jumladan, gaz hisoblagich ko‘rsatkichlari hamda to‘langan to‘lov pattalari solishtirib, qayta hisob-kitob qilinganda 351 000 so‘mlik 2011, 2012, 2013 yillardagi to‘lovlar "Billing" ma’lumotlar bazasida yo‘qligi aniqlangan.
"Payariqtumangaz" filialining fuqaro O.Qoraboyevga hisoblagan qarzdorligi asossiz, deb topilgan hamda tuman MIB va "Payariqtumangaz" filiali tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, yuzaga kelgan 3 964 390 so‘m qarzdorlik noreal deb topilgan.
Tekshirilmasdan asossiz ma’lumotlarni "Billing" dasturiga kiritgan hamda noreal qarzdorlik yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan "Payariqtumangaz" filiali xodimlariga nisbatan Samarqand viloyat gaz taqsimlash hududiy filialiga taqdimnoma kiritilgan.
Boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari, adliya kichik maslahatchisi M.D.Nasrullayev.
Xatdan anglashiladiki, tahririyatimizga murojaat qilgan ikki nafar fuqaro majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan o‘rganish o‘tkazilgach, asossiz qarz balosidan qutuldi. Xo‘sh, mazkur holat yuzasidan gaz ta’minoti idorasining javobi qanday bo‘ladi? Buni kutib turamiz.