Ikki oylik navbat, bir umrlik saboq

Bolaligimda tuman markazida bir kutubxona bo‘lardi – tor va qorong‘i. Taxminan 3 mingga yaqin kitob saqlanardi u yerda. Aksariyat kitoblar rus tilida, o‘zbek adabiyoti durdonalari esa sanoqli edi. Birgina Qodiriyning "O‘tkan kunlar"ini o‘qish uchun ikki oy navbat kutganman. Dugonalarim orasida kimningdir dadasi do‘kondan qiziqarliroq kitob sotib olib bersa, u ham qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketardi.

Maktablarda ham kitob saqlanadigan joy bo‘lardi, ammo uni kutubxona deb bo‘lmasdi. Torgina bir xonadan kutubxona o‘rnida foydalanilardi. Bu yerda faqat darsliklar saqlanardi, birorta badiiy kitobni topib bo‘lmasdi.

Ona tili va adabiyot fanidan dars beradigan ustozimizning “Kitob orqali biz o‘tmishni o‘rganamiz, bugunni tushunamiz va kelajakka yo‘l olamiz”, degan gaplari qulog‘im ostidan ketmaydi. Shuni anglagan holda kitobga mehr qo‘yib ulg‘aydim. Bolalik va o‘smirlik davrimizda ko‘p kitob o‘qiganim samarasi bo‘lsa kerak, bugun nufuzli oliy ta’lim muassasasi – Samarqand davlat chet tillar institutida o‘qituvchi bo‘lib ishlayapman.

Bugungi kun kutubxonasi esa butunlay boshqacha, zamonaviy bilimlar, ma’naviyat, madaniyat va axborot texnologiyalari uyg‘unlashgan, fuqarolar ehtiyojini har tomonlama qondiruvchi muhim ma’rifiy maskandir.

Birgina institutimizdagi axborot-kutubxona markazimizda 25 ming 771 nomdagi 290 mingdan ortiq kitob mavjud. Ularning 80 mingga yaqini badiiy adabiyotlar. Bugun foydalanuvchilar uchun Wi-Fi, elektron axborot bazalari, kompyuterlar zali, shuningdek, elektron katalog va QR-kodli xizmatlar orqali kitoblarga qulay va tez yo‘l topish imkoniyati yaratilgan.

Bu yerda talabalar va ilmiy izlanuvchilar uchun muntazam ravishda seminarlar, tanlovlar, davra suhbatlari o‘tkazilib, ularning ma’naviy va intellektual o‘sishiga turtki berib kelinmoqda. Shu bilan birga, kutubxonada nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham maxsus qulayliklar yaratilgani diqqatga sazovor.

Bugun hatto ayrim qishloqlardagi maktablar va boshqa tashkilotlar qoshidagi kutubxonalarda o‘sha yaqin o‘tmishdagi, tuman markazidagidan ko‘proq kitoblar mavjudligi kishini quvontiradi. Ammo bu kitoblarni o‘qiydiganlar kamligi achinarlidir. Kitob – bu nafaqat qog‘ozga bosilgan harflar to‘plami, balki inson ma’naviyatining mevasi, millatning ma’rifiy boyligi, tarixning ko‘zgusi ekanligin anglab yetishimiz zarur.

Iroda Beknazarova.