Ilg‘or maktab direktorlariga 10 million so‘mlik pul mukofotlari berildi

O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan viloyat tadbirida bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatgichi 50 foizdan 60 foizgacha bo‘lgan maktab direktorlariga viloyat hokimining tashakkurnomalari topshirildi. 

Bu ko‘rsatkichi 60 foizdan 100 foizgacha bo‘lgan ta’lim muassasalari rahbarlariga esa 10 million so‘mlik pul mukofotlarining sertifikatlari berildi.

- 2020-2021 o‘quv yilida maktabni tamomlagan 35 o‘quvchimdan 21 nafari mamlakatimizning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi, - deydi Qo‘shrabot tumanidagi 35-maktab direktori Bahrom Bobonazarov. - Xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan bitiruvchilarimizni ham qo‘shib hisoblasak ko‘rsatkichimiz 96 foizni tashkil etadi. Bugun viloyatimizdagi 1226 ta maktab orasida yuqori ko‘rsatgichga ega bo‘lib, kasb bayramimizda 10 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanishimiz bizga yanada kuch bag‘ishlaydi.