Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ilmga ishtiyoq qanday uyg‘onadi?

Bugun zamonaviy mashinalar yoki elektron jihozlar bilan hech kimni hayron qoldirolmaymiz. Kechagina oddiy elektr lampochkasiga hayrat bilan qaragan avlodning farzandlari so‘nggi udumdagi smartfonlarning ishiga oddiy hodisadek qaramoqda. Chunki ular murakkab texnik jihozlarning oddiy fizik hodisalar hosilasi ekanligini biladi. Ularni yaratish va ishlatish uchun bilim kerakligini ham yaxshi anglaydi.

Buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy «Ilmdan o‘zga najot yo‘q va bo‘lmagay», deydi. Muborak hadisda: «Ilm o‘rganish har bir muslim va muslima uchun farz», deyilgan. Yana birida esa: «Ilmni Chinda bo‘lsa ham o‘rganinglar», deya buyuriladi. Qolaversa, payg‘ambarimizga yuborilgan ulug‘ kalom ham: «O‘qing!» so‘zi bilan boshlangan. Shunda payg‘ambarimiz: «O‘qishni bilmayman», deb javob qilganlarida: «Sizni laxta qondan yaratgan Robbingiz nomi bilan o‘qing!» deya xitob qilindi. Ushbu gaplardan shunday xulosa kelib chiqadiki, o‘qish va ilm o‘rganish insonning hayotdagi bosh vazifasi.

Bu ko‘rsatmalarga amal qilingan davrlarda o‘lkamizdan jahonga taniqli buyuk ilm darg‘alari yetishib chiqqan. Biz yuqorida nomlarini tilga olgan Imom Buxoriy deysizmi, Muhammad Xorazmiy, Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Forobiy, Farg‘oniy deysizmi yoki ikkinchi Renessans yillarida yashab ijod qilgan Lutfiy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur singari daholar Turkiston tuprog‘ida kamolga yetishdi. Biroq keyingi asrlarda islom falsafasi tor ma’noda talqin etilib, ilm deganda faqat diniy bilimlarning tushunila boshlangani yurtimizda ilm-fanning rivojiga to‘sqinlik qila boshladi. Shundoq bo‘lsa Mashrab, Nodira, Uvaysiy, Muqimiy, Furqat, Behbudiy, Munavvarqori, Hamza Hakimzoda, Qori Niyoziy, Ibrohim Mo‘minov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi olim va ijodkorlar ham, fan, ham adabiyot osmonida yorqin yulduzlardek charaqladi.

Farzandlarimiz bugun ham chanqoqlik bilan ilm o‘rganmoqda. Ilm esa dunyoda benihoya ko‘payib ketganligi bois uning barchasini qamrab olishga ulgurib bo‘lmayapti. Shunisi borki, ko‘payib ketgan narsa muqarrar qadrsizlanadi. Shu ma’noda yoshlarimizning ba’zi bir qismida ilm o‘rganishga ishtiyoq so‘nib bormoqda. Buni bultur xalqaro tashkilotlar o‘tkazgan PISA sinovlari yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. O‘zbekistonda savodxonlik darajasi qariyb 100 foiz bo‘lsa-da, 14-15 yoshli o‘quvchilar orasida matnni o‘qib tushunish ko‘nikmasi bo‘yicha dunyo mamlakatlari orasida eng oxirgi o‘rinlardan birini egalladik.

«Sifatli ta’lim yili»da bunaqa achinarli natija bo‘lgani har birimiz uchun achchiq ma’nodagi ogohlantirishdir. PISA sinovi bizning ta’lim tizimimizni oynada aks ettirib, uni zudlik bilan isloh qilish lozim ekanligini ko‘rsatmoqda. Albatta, bunda ko‘pgina omillarni sabab qilib ko‘rsatish mumkin. Menimcha, birinchi sabab: bilimdon kadrlarga ehtiyoj kamayib ketganligida. PISA sinovlarida Singapur, Gonkong, Tayvan, Makao singari mamlakatlarda eng yuqori natijalarga erishilgan. Buning sababi shundaki, ularda yuqori texnologiyali sanoat rivojlangan. Shu bois ham u yurtlarda bilimsiz odamlarga yashash qiyin. Bizda esa alifni kaltak deb biluvchilar ham yaxshi turmush kechirmoqda. Buning hech qanday yomon tomoni yo‘q. Aslida, xalqlar qancha farovon yashasa, shuncha yaxshi. Ammo bundagi eng yomon holat, xalqimizning bilimli, ma’rifatli ziyolilar qatlami tobora qadrsizlanib, cho‘kib bormoqda. Bu o‘z navbatida yoshlar o‘rtasida bilim olishga bo‘lgan rag‘batni susaytirmoqda. O‘qituvchi va kutubxonachilar bozordagi hammoldan ham kam ish haqi oladigan jamiyatda ilm va fanning kelajagi yoki uchinchi Renessans haqida qanaqa gap-so‘z bo‘lishi mumkin? Taniqli alloma Ozod Sharafiddinov ogohlantirganidek: «Kimga ishiga yarasha oylik berilmasa, u olgan oyligiga yarasha ishlay boshlaydi».

Bugun yoshlarimiz uchun imkoniyat eshiklari keng ochildi. Hozir oddiy quruvchi usta ham kuniga 300-400 ming so‘m topishi mumkin. Ammo bizga injenerlar, arxitektorlar, shifokorlar, pedagoglar va boshqa kasb egalari ham suv bilan havodek zarurku!

Internetda bir e’lonni o‘qib qoldim. Koreyaga, «Samsung» firmasining kemasozlik zavodida ishlashga taklif qilishayotgan ekan. Talablardan birinchisi: oliy ma’lumotli bo‘lish. Demak, mamlakat qanchalik rivojlansa, korxonadagi oddiy ishchi-xodimlar ham oliy ma’lumotli bo‘lishi talab qilinarkan. PISA sinovlarida Yaponiya, Janubiy Koreya, Tayvan singari mamlakatlarning yuqori natijalarga erishganini shu ma’noda tushunilsa, to‘g‘ri bo‘ladi.

Shu o‘rinda kitobxonlik mavzusiga ham to‘xtalamiz. Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan yoshlarda kitobga mehr uyg‘otish uchun katta ishlar amalga oshirilmoqda. Eng ko‘p kitob o‘qigan bolalarga mashina sovg‘a qilinayotgani ham tahsinga sazovor. Ammo beshta-o‘nta bola kitobxon bo‘lgani bilan kitobxon ko‘paymasligi ayni haqiqat. Kitobxonlikning ommalashuvi uchun keng kitobxonlikka yo‘l ochib, shart-sharoitlar yaratish kerak. Masalan, «G‘uncha», «Gulxan», «Tong yulduzi», «Klass» singari bolalar nashrlarining tiraji tushib ketdi. Respublikamizda 10000 dan ziyod maktablar borligini e’tiborga olsak, o‘nta maktabga 1-2 ta gazeta-jurnal to‘g‘ri keladi. Aslida, kitobxonlik gazeta-jurnallarni o‘qishdan boshlanmaydimi? Kitoblar nashri haqida ham xuddi shunday fikrlarni aytish mumkin. Bolalar uchun nashr qilinayotgan kitoblar nari borsa, 5-10 ming nusxada chop etilmoqda. Bu taxminan ming bolaga bir kitob demakdir. Hozir O‘zbekiston aholisining yarmini yoshlar tashkil etishini e’tiborga olsak, ularning kitobga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun ko‘plab sifatli va arzon kitoblar chop etish lozim.

Yuqorida qayd etib o‘tganimizdek, xalqaro PISA sinovlari mamlakatimiz ta’lim tizimining samaradorlik darajasini ko‘rsatib qo‘ydi.

Xo‘sh, unda gap nimada? Nega yosh avlod ta’lim-tarbiyasi uchun sarflanayotgan mablag‘lar o‘z samarasini bermayapti? Buning sababi, xalq ta’limi tizimiga ajratilayotgan pullar maqsadsiz sarflanmoqda. Sohada chinakam ishchanlik vaziyati yaratilmagan, o‘quv muassasalari va pedagog xodimlar orasida sog‘lom va halol raqobat muhiti yo‘q. Tizim ichida ahvolni o‘nglash uchun qilinayotgan islohotu tajribalarning keti ko‘rinmayapti. Bu esa soha ishining tamoman izdan chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Biz o‘zgarish va yangiliklarga aslo qarshi emasmiz. Ammo tajriba va islohotlar avval tor doirada sinalib, samara bergan taqdirda keng ommalashtirilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Xo‘sh, endi bunday noxush holatni tuzatish uchun nima qilish kerak, degan savol ko‘ndalang qo‘yilmoqda. Fikrimizcha, umumiy o‘rta ta’lim sohasida chuqur islohot qilmasdan turib natijaga erishib bo‘lmaydi.

Yaqinda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga bildirgan takliflarimda bu boradagi zarur choralarni sanab o‘tdim. Ta’lim tizimining zamondan orqada qolganligini jonli misollar bilan ko‘rsatdim. Aytaylik, sobiq ittifoq zamonidan qolgan tenglik, tekislik tamoyillari yangi zamonda o‘zining yaroqsiz ekanligini ochiq ko‘rsatdi. Oqibatda bilim olishga chanqoq yoshlar maktab bu yoqda qolib, har xil o‘quv markazlariga, xususiy maktablarga va repetitorlarga borishga majbur bo‘lmoqda. Bular yaxshidir, ammo ilm olishga tashna bolalarimiz o‘quv markazlaridan yiroqda bo‘lsa, buning ustiga, ularga borish uchun yetarli mablag‘ va sharoit bo‘lmasachi? Qolaversa, bolasi sifatli bilim olishi uchun soliq mablag‘larini vaqtida to‘lab borayotgan ota-onalarni ta’lim uchun yana qayta pul to‘lashga mahkum etish to‘g‘rimi? Buni yaxshi anglagan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev viloyat markazlarida «Prezident maktabi»ni ta’sis etishga ko‘rsatma berdi. Bu tashabbusdan namuna olib, hokimlar ham o‘z hududida men taklif qilganim shakl va mazmunda «Hokimlik maktablari»ni tashkil etishi lozim edi. Men shularni hisobga olib, vazirlikka chekka qishloqlarda ham ixtisoslashgan namunali maktablar tashkil etishni taklif qildim.

Vazirlikning ta’lim sifatini baholash, litsenziyalash va akkreditatsiyalash departamenti deb atalmish bo‘limining direktori S.Rajabovdan «bildirgan takliflarimdan minnatdor ekanligi, takliflarim o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilishi, suhbat yakuni bo‘yicha e’tirozlarim yo‘q ekanligi, agar bu murojaatim yuzasidagi javobdan qoniqish hosil qilmasam, O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun talablari asosida yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qilishim mumkinligi haqida» g‘alati javob keldi. Sof eski sho‘ro byurokratiyasi uslubi va ruhida bitilgan ushbu nomadan shuni bilib oldimki, vazirlikning o‘zi ham chuqur sifat islohiga muhtoj ekan. Buni men bemor hayotini saqlab qolish uchun shoshilgan shifokorga minnatdorchilik bildirilib, qo‘ygan tashxisi va yozgan retseptidan foydalanish haqida o‘ylab ko‘rilishi, bundan vrach xafa bo‘lmasligi va mabodo xafa bo‘lsa, yuqori tashkilotlarga shikoyat qilishi mumkin ekanligi bildirib qo‘yilgan holatga o‘xshatdim.

Holbuki, o‘z takliflarimda bu xildagi maktablar ta’minotini byudjetga qo‘shimcha xarajat yuklamasdan qanday tashkil etish yo‘llarigacha ko‘rsatib bergandim. Afsuski, men ko‘p yillardan buyon matbuot orqali ilgari surib kelayotganim, ushbu jo‘yali g‘oya ta’lim tizimiga tatbiq etilmasdan, yana bir marta loqaydlik va nopisandlik botqog‘iga cho‘kib, yo‘qolish ehtimoli yo‘q emas.

Men ushbu maqolada muammoning barcha tomonlarini batafsil yoritib bera olmadim va buning iloji ham yo‘q. Nazardan qochirgan jihatlarni sayt o‘quvlari aytsalar, ajab emas.

Xudoyberdi Komilov, faxriy pedagog.