Ilmiy darajali texnikum o‘qituvchilari soni 18 nafarga yetdi

Ta’limning boshlang‘ich, umumta’lim, professional va oliy bosqichlari o‘rtasida uzluksizlikni ta’minlash orqali yoshlarga qiziqishi va qobiliyatiga mos bilim olishi, zamonaviy kasblarni egallashi va yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Prezidentimizning 2022 yil 1 apreldagi “Samarqand davlat tibbiyot universitetini tashkil etish va sohadagi kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Abu Ali ibn Sino nomidagi to‘qqizta - Samarqand, So‘zongaron, Siyob, Urgut, Past Darg‘om, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi, Ishtixon va Payariq jamoat salomatligi texnikumlari universitetimizga biriktirildi. Bugungi kunda universitetning barcha fakultet va kafedralari bilan jamoat salomatligi texnikumlari o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Professor-o‘qituvchilarimiz texnikumlarda mahorat darslari, ochiq mashg‘ulotlar va o‘quv seminarlarini muntazam o‘tkazib kelmoqda. O‘quvchilar uchun dolzarb mavzularda davra suhbatlari tashkil etilib, hamkorlikda elektron darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va uslubiy materiallar yaratilmoqda. Jumladan, bugangacha 88 ta darslik, o‘quv-qo‘llanma va uslubiy qo‘llanma tayyorlandi. Natijada o‘tgan o‘quv yili ilmiy darajaga ega bo‘lgan texnikum o‘qituvchilari soni 18 nafarga yetdi.

Viloyatimizdagi Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari Rossiya, AQSh, Koreya, Qozog‘iston, Qirg‘iz respublikasi, Belarus, Tojikiston tibbiyot kollejlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi. Siyob jamoat salomatligi texnikumida mamlakatimizda ilk bor qo‘shma ta’lim dasturi joriy etildi. Unga ko‘ra, Janubiy Koreyaning DayeJeong tibbiyot universiteti bilan hamshiralik ishi yo‘nalishida “2+1” va “2+2” ta’lim modellari bo‘yicha kadrlar tayyorlash rejalashtirilgan. Bu dasturga muvofiq, talabalar dastlab ikki yil Siyob texnikumida, keyinchalik esa bir yoki ikki yil Koreyada ta’lim oladi. Universitetda tashkil etilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda texnikum o‘quvchilari ham ishtirok etyapti.

Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar mutaxassisliklariga mos bakalavriat yo‘nalishlarida suhbat hamda to‘lov-kontrakt asosida universitetimizning 2-bosqich talabasi bo‘lish huquqiga ega. Ushbu imtiyozdan texnikumni “a’lo” va “yaxshi” baholar bilan tamomlagan, baholarining kamida 50 foizi (tibbiy yo‘nalishlarda 85 foiz) “a’lo” bo‘lgan bitiruvchilargina foydalanishlari mumkin.

Bulardan tashqari, tibbiyot texnikumlarida moddiy-texnik bazaning mustahkamlangani samarasida ta’lim jarayonlariga innovatsion va amaliy ta’lim usullari joriy etilmoqda. Buning uchun zamonaviy o‘quv-simulyasion auditoriyalar tashkil etilib, ular orqali o‘quvchilar amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlayotir.

Xulosa qilib aytganda, universitetimiz va Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari o‘rtasidagi samarali hamkorlik ta’lim sifatining oshishiga, ilmiy-tadqiqotlar, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va xalqaro aloqalarning yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qilmoqda.

Jasur RIZAYeV,

Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor.